«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu 2025/26 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra 35-marta topshirilayotgan «Oltin o‘rindiq» (Panchina d’Oro) mukofoti sohibi bo‘ldi.
Ushbu yillik mukofot Italiya murabbiylari tomonidan o‘tgan mavsumda eng yaxshi natija ko‘rsatgan mutaxassisga topshiriladi.
Ruminiyalik murabbiy ushbu sovringa sazovor bo‘lgan uchinchi xorijlikka aylandi. Bungacha Raymond Gutals (1990/91 yilgi mavsum) va Joze Mourinio (2009/10 yilgi mavsum) ushbu mukofotni qo‘lga kiritishgan.
Ta’kidlash kerakki, dastlab sovrin butun Yevropa bo‘ylab murabbiylarga topshirilgan. 1994/95 yilgi mavsumdan boshlab esa u faqat Italiyaning A va B Seriyalari murabbiylariga berila boshlangan.
O‘tgan mavsumda Kivu boshchiligidagi «Inter» Italiya chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Jurnalist Daniele Marining ma’lumotiga ko‘ra, milanliklar ustozi 43 ta haqiqiy ovozdan 16 tasiga ega bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinni 12 ovoz bilan Sesk Fabregas («Komo»), uchinchi pog‘onani esa 9 ovoz bilan Jan Pero Gasperini («Roma») egallagan.
Sovrinni qabul qilish marosimida Kivu quyidagicha fikr bildirdi: «Ushbu mukofot uchun barchaga rahmat. Bu sovrinni qo‘lga kiritish men uchun alohida ahamiyatga ega, chunki u boshqa murabbiylar — mening hamkasblarimning baholari asosida beriladi.
Futbolchilarga, murabbiylar shtabiga va klubga minnatdorchilik bildiraman. Ammo, eng avvalo, doimo yonimda bo‘lgan oilamga rahmat aytmoqchiman. Ular g‘alaba onlarida ham, eng muhimi, mag‘lubiyat paytlarida ham meni qo‘llab-quvvatlab kelishgan».
Kivu A Seriyaning eng yaxshi murabbiyiga beriladigan «Oltin o‘rindiq» sovriniga sazovor bo‘ldi
Futbol
16 noyabr, 13:10
«Inter» ustozi ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan uchinchi xorijlikka aylandi.
Foto: Getty Images
Telegram’da birinchi bo‘lib fikr bildiring
Muhokamaga o‘tishIzohlar Telegram’da ochiladi