Bugun
27
O'zbek

UEFA Infantinoga qarshi Diallo nomzodini ilgari suradi

Futbol
16 noyabr, 11:24
    2
Fransiya FF prezidenti mart oyidagi saylovlarda FIFAning amaldagi rahbariga asosiy opponent bo‘ladi.
UEFA Infantinoga qarshi Diallo nomzodini ilgari suradi
Foto: Getty Images

UEFA Janni Infantinoning FIFA prezidenti saylovidagi raqibi nomini ma’lum qildi.

«Bugun UEFA prezidenti Aleksander Cheferin raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tashkilot Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi milliy assotsiatsiyalar Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) prezidenti Filipp Dialloni 2027-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidenti saylovida o‘z nomzodini qo‘yishga taklif qilishdi. Shuningdek, ular unga har tomonlama yordam berishlarini bir ovozdan bildirishdi.

Filipp Diallo futbol tizimining barcha bosqichlarida katta ish tajribasiga ega. U Fransiya professional futbol klublari manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotga rahbarlik qilgan, Fransiya professional ligasi rahbariyati tarkibida faoliyat yuritgan hamda FIFAning nizolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalarida ishlagan.

2023-yilda u Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) prezidenti va UEFA Ijroiya qo‘mitasi a’zosiga aylangan.

FIFAning rivojlanish yo‘nalishi borasida jiddiy xavotirlar mavjudligi fonida milliy assotsiatsiyalar jahon futbol hamjamiyatida birdamlik va ishonchni tiklashga chaqirdi.

Shuningdek, ular FIFA faoliyatining asosiy maqsadi sifatida dunyoning barcha mintaqalarida futbolni rivojlantirishni belgilashi, boshqaruvning eng yuqori standartlariga amal qilishi hamda a’zo assotsiatsiyalar, konfederatsiyalar va futbol sohasidagi boshqa manfaatdor tomonlar bilan yaqin hamkorlikda ishlashi lozimligini ta’kidlashdi.

Milliy assotsiatsiyalar Filipp Dialloning rahbarlik qobiliyatiga to‘liq ishonch bildirib, u ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun zarur fazilatlarga ega ekanini qayd etishdi.

Filipp Diallo nomzodini ilgari surish taklifini qabul qildi. Ertaga Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishida uning nomzodi rasman tasdiqlanishi kutilmoqda»,
— deyiladi UEFA bayonotida.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

2 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar