Italiya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Antonio Kassano Massimiliano Allegri faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan klub haqida fikr bildirdi. Uning taxminicha, murabbiy «Napoli»ni tark etganidan keyin «Fiorentina»ni boshqaradi va u yerda klub sport direktori Fabio Paratichi bilan yana birga ishlaydi.
Kassano «Napoli»ning «Latsio»ga qarshi 1:1 hisobidagi durangidan so‘ng Viva El Futbol efirida Allegri faoliyatini keskin tanqid qildi.
«U hamon hamma narsani barbod qilmoqda, ammo hech kim hech narsa demayapti va uni iste’foga chiqarmayapti. U mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni aytadi va jamoani boshqarishni bilmaydi. Ikki klubning maosh fondi o‘rtasidagi farqni hisobga olsak, «Latsio» va «Napoli» ochkolari orasida bunchalik katta tafovut borligi sharmandalik», — dedi Kassano.
Uning ta’kidlashicha, Allegri murabbiy sifatida o‘z imkoniyatlarini allaqachon tugatgan.
«Allegrining vaqti o‘tganiga kamida yetti-sakkiz yil bo‘ldi. U endi hech narsa yutmayapti. Lekin xavotir olmang: «Napoli»dagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham kimdir unga yana imkoniyat beradi. Men Fabio Paratichiga pul tikaman. Ishoning, bu albatta sodir bo‘ladi. Ularning munosabatlari yaxshi yakunlanmagan bo‘lsa-da, Paratichi uni «Fiorentina»ga olib keladi. Bu ikki kishi har doim javobgarlikdan qutulib qoladi», — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
Ma’lumot uchun, Allegri va Paratichi «Yuventus»da murabbiyning Turin klubidagi ilk faoliyati davrida birga ishlagan. Ushbu davrda jamoa ketma-ket besh marta Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda «Fiorentina»ni Paolo Vanoli boshqarmoqda. Jamoa A Seriyada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda.