Termizning «Surxon» klubi bu yil Anvar G‘ofurov bosh murabbiyligida yaxshi taassurot qoldiryapti. To‘g‘ri, jamoa hozircha 11-o‘rinda. Ammo tarkibdagi yoshlardan iborat jamoa sifatida ularning ko‘rsatayotgan o‘yini muxlis va mutaxassislarga yoqyapti. Bunda esa G‘ofurovning mehnati juda katta.
U murabbiy sifatida o‘zining qarashlarini, ish uslubini singdirishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni, Anvar G‘ofurovning o‘yin chizmasi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Yaqinda esa murabbiy eronlik agent bilan shartnoma imzoladi. Uning klub bilan tuzgan bitimi ham shu yili yakuniga yetadi. Bu borada Tribuna.uz muxbiri Anvar G‘ofurovdan intervyu oldi.
- Anvar aka, yaqinda eronlik agent Hamid Merih bilan kelishuvga erishdingiz va u sizning rasman agentingizga aylandi. Bunday qarorga kelishingiz nima bilan bog‘liq? Bu tashabbus kimdan chiqdi? Dastlab shu xususida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz!
- Ha, eronlik agent Hamid Merih bilan ikki yillik kelishuvga erishdik. Zamonaviy futbolda, bugungi kunda bu oddiy hol. Hamid Merih o‘zaro tanishlarimiz orqali men bilan bog‘lanib, uchrashdik va tanishdik. So‘ngra, shu qarorga keldim. Futbolda o‘z o‘rniga ega va men ularning fikrlarini, maslahatlarini hurmat qiladigan insonlar ham shu maslahatni berishdi.
- Bundan chiqdi, sizni yaqin kelajakda murabbiy sifatida xorijda ham ko‘rishimiz mumkinmi? Bunday istagingiz balandmi?
- Men hozirgi kunda o‘zim yaxshi ko‘rgan ishimni yaxshi bajarishga harakat qilyapman. Qolgani Xudoga tavakkal. O‘zimizda yoki xorijga borib, yaxshi klublarda ishlash, yuqori o‘rinlar uchun kurashish – bu har bir murabbiyning orzu va niyati bo‘lsa kerak.
- «Surxon» klubidagi faoliyatingiz borasida ko‘pchilik ijobiy fikrlar bildirishyapti. Yoshlarni qanday qilib barqarorlik sari yetaklab boryapsiz?
- Xudoga shukr, buning ustida qariyb har kuni jamoa bilan ishlayapmiz va kundan-kunga yanada kuchliroq jamoa bo‘lishga harakat qilyapmiz. Men va jamoamiz harakatlari haqida iliq fikr qoldirayotgan bo‘lsak, bundan juda xursandman. Bu degani biz to‘g‘ri yo‘nalishdamiz.
Albatta, yoshlarni kuzatib, e’tibor berish kerak. Ularga ishonish, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim. Balki, yoshlar tajribali o‘yinchilar kabi barqaror emasdirlar. Har bir yosh futbolchi o‘yindan-o‘yinga ulg‘ayayotganini ko‘rib xursand bo‘laman. Lekin har bir yosh futbolchining o‘ziga yarasha yo‘li va kelajagi bor.
- Superligada eng ko‘p durang «Surxon»ga tegishli bo‘lib, hozirgacha 10 ta o‘yinda durang o‘ynadi. Bu sizningcha, nimadan dalolat?
- Sabablari ko‘p bo‘lsa kerak. O‘z jamoamizdan kelib chiqib aytsam, Chinedu klubni tark etib, sof hujumchimiz bitta qoldi – Kamron Yusupov. U hali yosh va juda iqtidorli. Hali tajriba yig‘ishi kerak. Bu pozitsiyada Tornike harakat qilyapti. Aslida yarim himoyachi, lekin shunga qaramay, talablarni bajarib, juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Eng asosiysi, biz yaratgan o‘z vaziyatlarimizdan unumli foydalana olmayapmiz, raqib ham (kuladi). «Surxon» jamoamiz butun kollektiv bo‘lib, o‘z harakatlari bilan g‘alaba uchun harakat qilyapti. Buning uchun futbolchilarga alohida katta rahmat. Men uchun juda muhim bo‘lgan vaziyat, hech qaysi jamoaga qarshi avtobus qo‘yib, durangga erishganimiz yo‘q.
- Murabbiy sifatida qaysi mahalliy yoki xorijlik mutaxassisning ish uslubini amalda qo‘llashni yoqtirasiz va bunga amal qilasiz?
- Kuchli va tajribali murabbiylarimiz kam emas. Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiyev, Aleksandr Xomyakov, Mirko Yelichich, Temur Kapadze...Ulardan ham ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi. Chet elda esa kuchli murabbiylar juda ko‘p. Tarixda ham yod oladigan mutaxassislar bisyor. Yuriy Sarkisyan, Tachmurod Agamurodov, Viktor Jalilov, Valeriy Lobanovskiy, Konstantin Beskov, Yohan Kroyf...Baribir har bir murabbiy ko‘rpaga qarab oyoq uzatadi.
- Yangi mavsum uchun rejalaringiz qanday? «Surxon» bilan ishni davom ettirasizmi yoki yangi chaqiriqlarni kutyapsizmi?
- «Surxon» klubi bilan shartnomam 2026 yil oxirigacha. Bu borada kelasi yilda nima bo‘lishi hali noma’lum. Butun e’tibor qolgan 3 turda yaxshi natijalarga erishib, muxlislarni xursand qilgan holda ta’tilga chiqish.
- O‘zbekiston Kubogi yarim finalida 4 ta jamoa qoldi: «Andijon», OKMK, «Lokomotiv» va «Navbahor». Sizningcha, bu yil kim Kubokni yutadi?
- Bilasizmi, bu to‘rtlikda har bir jamoa O‘zbekiston Kubogida g‘alaba qozonish uchun imkoniyatga ega. Kuchli murabbiylar, kuchli hamda iqtidorli futbolchilar yetarli. Bu o‘yinlarda bo‘ladigan vaziyatlardan kim unumli foydalansa g‘alaba qozonadi.
Kubok g‘olibligi uchun taxminim:
Navbahor 30 %
Lokomotiv 30 %
OKMK 20 %
Andijon 20 %
- Murabbiy sifatida oldingizga qo‘ygan asosiy maqsadingiz nima?
- Xudo xohlasa, muxlislarimizga yoqadigan futbol namoyish etib, g‘alaba qozonish hamda ko‘plab titullarni qo‘lga kiritish. Yaxshi va kuchli jamoalarni boshqarish yoki o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘ygan jamoani boshqarish.
- Sir bo‘lmasa, xizmatingizga qanday klublardan qiziqishlar bo‘lmoqda?
- O‘zimizdan qiziqishlar bo‘lgandi. Lekin bu mavzuga dekabrda qaytaylik, deb iltimos qilgandim. Endi eronlik Hamid Merih agentim bor va hamma takliflar u orqali birgalikda ko‘rib chiqiladi.
Anvar G‘ofurov: «Endi eronlik agentim bor va hamma takliflar u orqali birgalikda ko‘rib chiqiladi»
Eksklyuziv
10 noyabr, 12:39
4
Tribuna.uz muxbiri G‘ofurovdan intervyu oldi.
Фото: Tribuna.uz
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi