Xabaringiz bor, Nukusning «Orol» jamoasi muddatidan oldin Proliga g‘olibligini qo‘lga kiritib, 2027-yili Superligada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
«Orol»ning ushbu natijaga erishishida 32 yoshli tajribali yarim himoyachi Farhod Bekmuratovning ham munosib hissasi bor.
Yil boshida Qirg‘izistonning «Asia Talas» klubida to‘p surgan futbolchi yozda «Orol»ga ko‘chib o‘tdi. Nukusliklar tarkibida futbolchi 10 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
- Farhod, avvalo «Orol» bilan Superligaga yo‘llanma qo‘lga kiritilgani bilan tabriklayman. Bunga qanday erishdinglar?
- Tabrik uchun katta rahmat. Yil boshida rahbariyat Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan ekan. Shunga monand hamma bir bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qildik. Hamma faqat bir xayolda — Superligaga chiqish yo‘lida qattiq mehnat qildi.
- Ma’lumki, siz mavsumni Qirg‘izistonda «Asia Talas»da boshladingiz va yozda «Orol» klubiga o‘tdingiz. Bu nima bilan bog‘liq edi?
- Ha, mavsumning birinchi yarmini qo‘shni davlat — Qirg‘izistonda o‘tkazdim. Boshida yaxshi boshlangan edi. Orada jarohat olib qoldim. Bir oycha safdan chiqdim. Shundan keyin murabbiylar tomonidan ishonch bo‘lmadi. Keyin gaplashib, o‘zaro kelishgan holda ketish eng ma’qul variantligini tushundim. Shu orada «Orol»dan taklif tushdi. Superliga klublari bu paytda kerakli futbolchilarni olib bo‘lgandi, chempionat boshlanishiga 5 kun qolganida qaytganim uchun Superligadan taklif bo‘lmadi. Shu bois o‘ylab o‘tirmasdan «Orol» jamoasiga o‘tdim va tanlovim xato bo‘lmaganini bildim.
- Proliga darajasi haqida gap ketganda nimani ayta olasiz?
- Proliga jamoalari yaxshi. O‘tgan yili, adashmasam, 6 ta jamoa edi. Bu yil 14 ta bo‘ldi. O‘yinlar ham o‘ziga yarasha qiziqarli bo‘ldi. Faqat «TerDU» jamoasining kelajagi dilni xira qildi. Qolgan hammasi yaxshi, darajada o‘tdi.
- «Orol» ta’qibchilarini katta farq bilan ortda qoldirdi va hech kim bas kela olmadi. Buning sababi nima bilan bog‘liq?
- Qattiq mehnat. Bu mehnat ortida ko‘pchilikning xizmati bor. Murabbiylar, rahbariyat, futbolchilarning tinimsiz mehnat qilgani va, albatta, eng yaqin ta’qibchilarimizni yengganimiz sabab bo‘ldi. «Sho‘rtan», «G‘azalkent», «Metallurg», «Kattaqo‘rg‘on» kabi klublarni aytishim mumkin.
- Eshitishimcha, siz murabbiylik kursida o‘qiyapsiz. Demak, murabbiy bo‘lish rejangizda bor, o‘qishlar qanday ketyapti?
- Ha, to‘g‘ri eshitibsiz. 3 yil avval C litsenziyasini olgandim. Endi B litsenziyasi uchun o‘qish boshlandi. Birinchi modul tugadi, Andijonda bo‘ldi. Uni tajribali Baxtiyor Dadamatov olib bordi. Endi Farg‘onada, uchinchi yakuniy modul Namanganda bo‘ladi.
- «Orol» klubi bilan kelasi yili Superligada ishtirok etasizmi yoki boshqa rejangiz bormi?
- «Orol» klubi bilan 30-noyabrgacha shartnoma qilganman. U yerda hozir nima bo‘layotganidan xabarim yo‘q. Tez orada kelajagim haqida qaror qabul qilaman, bafurja gaplashib olishimiz kerak.
- «Orol»da yangi stadion qurildi, infratuzilma yaxshilandi. Bu borada nimalarni ayta olasiz?
- Ha, eski stadionini boshqatdan ta’mirlashdi. Ochig‘i, qilingan ishlarni ko‘rib hayron qoldim, yaxshi ma’noda. Hammasi ideal, Superliga jamoasiga nima kerak bo‘lsa, hamma narsa tayyor. Muhtaram Prezidentimiz kelib, o‘zlari ochib bergani ham buni tasdiqlaydi.
- Murabbiy sifatida o‘zingizni qanday ko‘ryapsiz?
- Murabbiylikka hali bor, deb o‘ylayman. Lekin ko‘p murabbiylar bilan ishladim. Hammasidan yaxshi narsalarni o‘zimga olib qo‘yganman. Ko‘ramiz, kelajakda balki o‘rganganlarim asqotib qolar.
Farhod Bekmuratov: «Tez orada kelajagim borasida qaror qabul qilaman»
Futbol
17 noyabr, 10:36
Tribuna.uz muxbiri «Orol» bilan Superligaga yo‘llanma olgan futbolchi bilan suhbatlashdi.
Фото: Арал ПФК