Xorvatiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Luka Modrich futbolchilik faoliyatini 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin yakunlashga tayyor.
Insayder Nikolo Skiraning xabar berishicha, 40 yoshli futbolchi Madridning «Real» klubi bilan kelajakdagi hamkorlik borasida kelishuvga erishgan.
Manbaga ko‘ra, Modrich butsalarini mixga ilgach, «qirollik klubi»da turli lavozimlardan birida faoliyat olib boradi.
Xorvatiyalik futbolchi 2012 yildan 2025 yilgacha «Real» safida to‘p tepdi va klub tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biriga aylandi.
Bu davr mobaynida Modrich 4 marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi hamda 6 bor UEFA Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi.
2018 yilda esa u «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritib, mazkur mukofotni yutgan ilk xorvatiyalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, Xorvatiya milliy jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Angliya, Panama va Gana bilan bir guruhdan joy olgan.
Xorvatlar mundialdagi ilk uchrashuvini 16 iyun kuni Angliyaga qarshi o‘tkazadi.