Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines hujumchi Krishtianu Ronaldu haqida iliq fikrlar bildirdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, 41 yoshli futbolchi nafaqat Portugaliya, balki butun futbol tarixidagi eng noyob shaxslardan biri hisoblanadi.
«Biz afsonaviy shaxs — Krishtianu Ronaldu haqida gapirish imkoniyatiga egamiz. U futbolni o‘zgartirgan noyob futbolchi. Uning futbolga bo‘lgan sadoqati bugungi kungacha yosh futbolchilar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Milliy jamoa safida 21 yil, 227 ta bahs. Bunga hech bir futbolchi erisha olmagan. Gollar soni haqida esa alohida gapirish mumkin. Aynan shu raqamlar Ronalduni afsonaga aylantiradi», — dedi Martines.
Murabbiy hujumchining maydondagi ta’siriga ham yuqori baho berdi.
«Ronalduning markaziy hujumchi sifatidagi harakatlari, to‘g‘ri pozitsiya tanlashi, hujumlarni yakunlashi va bo‘sh hududlarni topa olishi jamoamizning eng katta kuchlaridan biridir.
Uning kayfiyati va ishtiyoqi milliy jamoada ilk bor o‘ynayotgan 18 yoshli futbolchinikidek. Krishtianuning o‘rnini bosib bo‘lmaydi. Unga o‘xshagan futbolchini topishning imkoni yo‘q.
Albatta, kelajakda turli yechimlar topish kerak bo‘ladi. Ammo Ronalduning natijadorligini takrorlashning o‘zi deyarli imkonsiz», — deya qo‘shimcha qildi portugaliyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Ronaldu hozirgacha Portugaliya milliy jamoasi safida 227 ta o‘yinda maydonga tushib, 170 dan ortiq gol muallifiga aylangan.