Fransiya milliy jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe jamoadoshi Ngolo Kante haqida iliq fikrlar bildirdi.
Mbappening ta’kidlashicha, 35 yoshli futbolchi yillar o‘tishiga qaramay, hali ham avvalgi darajasini saqlab qolmoqda.
«U hali ham milliy jamoada! Bu aql bovar qilmaydigan holat! Ngolo juda kam uchraydigan kamtarlikka ega inson.
Maydonda u go‘yo to‘rt kishining ishini bajaradi. Ha, u juda ko‘p yuguradi. Lekin eng muhimi, u to‘g‘ri yuguradi. Men ko‘p yugurib, hech narsaga ulgurmaydigan futbolchilarni ham ko‘rganman.
Kante nafaqat yuguradi, balki o‘yinni ham his qiladi. Uning futbol intellekti shunchalik yuqoriki, u raqibning har bir harakatini oldindan sezadi. Bu ajoyib holat.
Vaqt o‘tmoqda, ammo men uning o‘yinida qarish alomatlarini ko‘rmayapman. U 64 yoshida faoliyatini yakunlasa ham ajablanmayman», — dedi Mbappe kulib.
Eslatib o‘tamiz, Ngolo Kante 2018 yilda Fransiya milliy jamoasi bilan Jahon chempioniga aylangan va hanuzgacha terma jamoaning muhim futbolchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Fransiya milliy jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Norvegiya, Senegal va Iroqga qarshi bahs olib boradi.