Fransiya milliy jamoasi sardori Kilian Mbappe vinger Maykl Olise haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Hujumchi «Bavariya» futbolchisining nafaqat maydondagi mahorati, balki insoniy fazilatlarini ham alohida e’tirof etdi.
«Unda nafislik va o‘yinni ko‘ra olish qobiliyati bor. Men u bilan juda yaxshi chiqishaman.
Endi biz faqat fransuz tilida gaplashamiz. U bu tilni yaxshi biladi. Biroq uning xarakteri shundayki, siz jurnalistlar uning fransuzchasi yaxshilanganmi yoki yo‘qmi, hech qachon bilolmaysiz. Chunki u sizlar bilan kam gaplashadi.
Maykl introvert inson. U ko‘p gapirmaydi, ammo uning o‘rniga maydonda oyoqlari gapiradi. Uni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish kerak. Olise hech qachon o‘zgarmaydi.
Maykl nafaqat ajoyib futbolchi, balki juda yaxshi inson hamdir», — dedi Mbappe.
Eslatib o‘tamiz, Olise o‘tgan mavsum «Bavariya» safida yorqin o‘yinlari bilan ajralib turdi va Fransiya milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan biriga aylandi.
Ma’lumot uchun, 24 yoshli futbolchi 2025/26 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 22 ta gol urib, 31 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.