Kongo DR milliy jamoasiga AQShga kirishga ruxsat berildi. Bungacha ular o‘z mamlakatida Ebola virusi tarqalgani tufayli shtatlarga kiritilmayotgandi.
1974 yildan beri ilk bor jahon chempionatiga chiqqan Kongo DR milliy jamoasi mamlakatdagi Ebola tarqalishi sababli rejalashtirilgan yig‘inlarni bekor qildi va tayyorgarlikni Belgiyada olib bordi.
Jamoa a’zolari Parijdan amalga oshirilgan parvoz orqali Amerikaga yetib kelishdi. Oldinroq AQSh rasmiylari ulardan mamlakatga kirish uchun 21 kunlik karantindan o‘tishni talab qilgandi.
«Biz vaziyatga moslashdik. Doimiy ravishda sharoitga ko‘nikishga to‘g‘ri keldi, shuning uchun diqqatimizni yo‘qotmadik. Ikkita qiyin o‘rtoqlik bahsini o‘tkazdik va mana endi shu yerdamiz. Bu — biz uchun yana bir qadam.
Odamlar jamoamizni jahon chempionatida ko‘rmaganiga ancha vaqt bo‘ldi. Final bosqichiga chiqishga erishdik. Endi vazifamiz — turnirda yaxshi natija ko‘rsatish», — dedi jamoa bosh murabbiyi Sebastian Desabr.
Musobaqa davomida kongolik futbolchilar Hyuston shahrida joylashadi. Ular 17 iyun kuni ilk o‘yinini Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.
Shundan so‘ng jamoa Gvadalaxara shahriga yo‘l oladi va 23 iyun kuni Kolumbiya bilan bahslashadi. Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin esa 28 iyun kuni Atlanta shahrida O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Kongo DR milliy jamoasi AQShga yetib bordi
Futbol
12 iyun, 11:25
O‘zbekistonning guruhdagi so‘nggi raqibiga Ebola virusi sabab shtatlarga kirishga ruxsat berilmayotgandi.
Foto: Getty Images