«Liverpul» yarimhimoyachisi Aleksis Mak Allister «Arsenal»ga qarshi bo‘lajak bahs oldidan raqibning kuchli jihatlarini e’tirof etdi. Shu bilan birga, argentinalik futbolchi mersisaydliklar London klubini mag‘lub etishga qodir ekanini ta’kidladi.
«Ular hozir bizga qaraganda yaxshiroq holatda. Ayni paytda «Arsenal» dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Buni avval ham aytganman. Ular maqtovga loyiq.
Bahs juda qiyin kechadi. Ammo ularni mag‘lub eta oladigan jamoa bo‘lsa, menimcha, bu — biz. Ayniqsa, «Enfild»da», — dedi Mak Allister.
Futbolchi buning sababini jamoa va muxlislar o‘rtasidagi yaqinlik, shuningdek, «Liverpul» raqibini qanday mag‘lub etishni bilishi bilan izohladi.
«Biz kuchayib boryapmiz va g‘alaba qozonishimiz kerakligini yaxshi bilamiz. Muxlislar bilan jamoa o‘rtasidagi bog‘liqlikni his qilyapman. Bu juda muhim. Qolaversa, «Arsenal»ni qanday yutishni bilamiz — buni avval ham uddalaganmiz. Bizda juda yaxshi jamoa bor», — deya qo‘shimcha qildi argentinalik yarimhimoyachi.
Ma’lumot uchun, APLning 9-turi doirasidagi «Liverpul» — «Arsenal» bahsi 1-noyabr kuni «Enfild» stadionida bo‘lib o‘tadi. Londonliklar «Manchester Siti» bilan bir xil ochko jamg‘argan holda peshqadamlik qilmoqda, «Liverpul» esa ulardan olti ochko ortda qolgan.
Eslatib o‘tamiz, «Liverpul» «Arsenal»ga qarshi so‘nggi to‘rtta bahsda mag‘lub bo‘lmagan: mersisaydliklar bir marta g‘alaba qozongan, yana uchta bellashuv durang bilan yakunlangan.