«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta APL 9-turi doirasida «Liverpul»ga qarshi o‘tkaziladigan bahs haqida fikr bildirdi. Mutaxassis «to'pchilar» so‘nggi 14 yil davomida «Enfild»da g‘alaba qozona olmaganini eslatib, ushbu seriyaga chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidladi.
«Liverpul» chempionlik uchun da’vogarlardan birimi? Menimcha, kuchli klublarning barchasi chempionlik uchun kurashadi. Mavsum endigina boshlandi. «Liverpul» tarkibi, murabbiyi va klub tarixiga nazar tashlasangiz, bunga shubha yo‘q. Oldinda bizni muhim bahs kutmoqda va uni intiqlik bilan kutyapmiz. «Enfild»da 14 yildan beri g‘alaba qozona olmayapmiz. Endi buni o‘zgartirish vaqti keldi», — dedi Arteta «Arsenal» rasmiy saytiga.
Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis o‘zining murabbiylik faoliyati davomida uzoq davom etgan noxush seriyalarni ham to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini eslatdi.
«Men klubga kelganimda, ayrim stadionlarda 18–20 yil, hatto 22 yil davomida g‘alaba qozona olmagan holatlarimiz bor edi. Ammo bu vaziyatni o‘zgartirishga erishdik. Yakshanba kuni ham shunday imkoniyatimiz bor», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Ma’lumot uchun, «Liverpul» va «Arsenal» APLning 9-turida «Enfild» stadionida to‘qnash keladi. Bahsni Endryu Medli boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.
Eslatib o‘tamiz, «Liverpul» — «Arsenal» bellashuvi 1-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 21:30 da boshlanadi.