Live
11
O'zbek

Mirjalol Qosimov: «Hakamning hushtagi yangradimi, to‘xtash kerak. Hushtak chalinmadimi, oxirigacha o‘ynash lozim»

Eksklyuziv
1 noyabr, 10:32
OKMK ustozi jamoasi g‘alabasi haqida fikr bildirdi.
Mirjalol Qosimov: «Hakamning hushtagi yangradimi, to‘xtash kerak. Hushtak chalinmadimi, oxirigacha o‘ynash lozim»
Фото: ОКМК

Bugun bo‘lib o‘tgan «Lokomotiv» - OKMK (1:2) bellashuvidan keyin olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Umuman olganda, so‘nggi o‘yinlarimiz juda asabiy ruhda o‘tmoqda. Bugun ham haqiqatan asabiy uchrashuv bo‘ldi. «Lokomotiv» jamoasi ham birinchi davrada, menimcha, shunday holatni ko‘rsatib, g‘alaba qozongan edi. Qiyin o‘yin bo‘ldi. Chunki «Lokomotiv» tarkibida yaxshi, malakali futbolchilar jamlangan va ular chiroyli futbol namoyish etishadi. «Nasaf» bilan o‘yinini ham shu yerda kelib ko‘rgandim. O‘sha uchrashuvda ham «Lokomotiv» o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmagandi.

Bugun birinchi bo‘limda tezkor gol urganimizga qaramay, 11 metrlik jarima zarbasi, keyin yana ikki-uchta yaxshi vaziyat bo‘ldi. Xullas, kurashlarga boy o‘yin o‘tkazdik. Bunday uchrashuvlarda eng kerakli jihatlarni ko‘rsatish lozim edi. Aks holda mag‘lub bo‘lib qolishimiz ham, durang o‘ynashimiz ham mumkin edi. Lekin omad biz tomonda bo‘ldi va ikkinchi golni kiritib, g‘alabani qo‘lga kiritdik.

- Siz aytganingizdek, birinchi davrada «Lokomotiv» ham 90-daqiqada gol urib, g‘alaba qozongan edi. O‘shanda Nodir gol urgan, u ham bugun zaxirada qoldi. Haqnazari ham o‘tgan o‘yinda gol urgandi, bugun ham zaxiradan maydonga tushib, gol kiritdi. Bu sizning maxsus rejangizmi? Kuchli futbolchilarni zaxirada saqlab, keyin maydonga tushirishni rejalashtirganmisiz yoki ularning jismoniy holati hozircha to‘liq o‘yin o‘tkazishga tayyor emasmi?

- Yo‘q, bu maxsus rejam emas edi. Bu o‘yinga kelib, ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, o‘yinni yanada kuchaytirishlarini istagandim. Sia ham, Nodir ham shunday futbolchilar. O‘yinning qanday kechishini, qaysi tizimda davom etishini oldindan bilish qiyin. Bu o‘yin davomidagi o‘zgarishlar edi va ular o‘zini oqladi, desam ham bo‘ladi.

- O‘sha vaziyatda to‘p autga chiqdimi yoki yo‘qmi, shu holatni ko‘rdingizmi?

- Hozir mendan nima kutyapsizlar? (Kuladi). Yo‘q, men hozir kiyinish xonasida ham aytdim: ko‘p e’tirozlar bo‘ldi. Agar biz ham shunday vaziyatda bo‘lganimizda, xuddi shunday yo‘l tutishimiz mumkin edi, dedim. Keyin koridorda ham baqir-chaqir bo‘ldi. «Nima, yana o‘ynashmoqchimi? Chiqib, yana o‘ynayveramiz», dedim hazillashib. Boshqa iloji qolmadi, o‘yin tugadi.

Hozir bu vaziyat bunday edi, desam ham noto‘g‘ri bo‘ladi, unday edi, desam ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin bir narsani aniq bilaman: men kiyinish xonasida futbolchilarga doim ta’kidlayman — hakamning hushtagi yangradimi, to‘xtash kerak. Hushtak chalinmadimi, oxirigacha o‘ynash lozim. Chunki biz ham bunday vaziyatlarda ko‘p bor pand yegan­miz.

- Statistikaga nazar tashlasak, «Lokomotiv» ustidan ketma-ket oltinchi g‘alabangizni qayd etdingiz. Hozir o‘zingiz ham aytdingiz, bugun ham o‘yinning so‘nggi daqiqalarida vaziyat o‘zgarishi mumkin edi. Lekin fakt shuki, oltinchi g‘alaba. Yetti yil davomida tarkiblar o‘zgardi, futbolchilar keldi-ketdi, siz esa jamoa bilan ishlayapsiz. «Lokomotiv» OKMK uchun yoki shaxsan siz uchun qulay raqibga aylanib qoldimi?

- Bunaqa deb ayta olmayman. To‘g‘risini aytsam, bugun o‘yindan oldin shuncha g‘alabaga erishganimizni ko‘rib, o‘zim ham e’tibor berdim. Lekin futbolda shunday holatlar bo‘ladi: ba’zi jamoalar noqulay raqibga aylanib qoladi. Go‘yoki o‘yin tizgini sening qo‘lingda bo‘ladi, lekin natija bo‘lmaydi.

Shuning uchun bunday deb ayta olmayman. Baribir har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqiladi. Futbolda sport prinsipi bor — bu kurash. Har kim kurashadi, hech kim mag‘lub bo‘lishni istamaydi. Qolgani esa Allohning xohishi. Oldindan nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi.

- Mavsum ham yakuniga yaqinlashmoqda. Mavsum oxirida futbolchilar charchaydi, kuch-quvvati kamayadi va so‘nggi imkoniyatlarini ishga solishga harakat qiladi. OKMKni oldinda «Nasaf», «Neftchi» va «Navbahor»ga qarshi qiyin uchrashuvlar kutmoqda. Bu o‘yinlarda jamoa muvozanatni saqlab qolishiga ishonasizmi? Orada Kubok uchrashuvi ham bor.

- Niyatimiz — kuchni saqlab qolish va maydonda yaxshi ko‘rinish. Chunki birinchi bo‘limda tezkor gol urganimizdan keyin futbolchilardagi o‘sha olovni ko‘rmadim. Hammasi sekin harakat qildi. Futbolda hech kim piyoda yurib g‘alaba qozonmaydi. Harakat bo‘lishi kerak. Bu haqda kiyinish xonasida ham aytdim.

Endi rotatsiya qilamiz, boshqa futbolchilardan foydalanamiz. Chunki arizalar ro‘yxati berilganidan keyin unga boshqa futbolchi qo‘shib bo‘lmaydi. Lekin boshqa jamoalar ham xuddi shunday vaziyatga tushadi. Yil yakuniga yaqinlashdi, o‘yinlar ko‘p.

Bizning maqsadimiz — maksimal darajada yaxshi o‘yin ko‘rsatish, ham chempionatda, ham Kubokda munosib ishtirok etish.

- So‘nggi o‘yinlarda asabiy, hatto «validolli» uchrashuvlar bo‘layotganini aytyapsiz. Bugun ham ma’lum ma’noda shunday o‘yin bo‘ldi. Bunday asabiy vaziyatlar kamroq bo‘lishi uchun jamoa birinchi navbatda nimani o‘zgartirishi kerak?

- Aytilgan gapni bajarish kerak-da. Biz ham osmondan tushmaganmiz. Gapiramiz, tushuntiramiz. Lekin ba’zi futbolchilar hamma narsani o‘zlari biladigandek o‘ylaydi, aytilgan gaplarga e’tibor bermaydi.
O‘zbeklarda yaxshi gap bor: «Hech bo‘lmasa, bitta ko‘ylakni ko‘proq yirtgan», deyishadi. Bu bejiz aytilmagan. Futbolchilarning mehnatiga haq to‘lan­yaptimi? To‘lan­yapti. Demak, maydonga chiqqanidan keyin mas’uliyat ham bo‘lishi kerak.

Men o‘zim ham, ularni ham tinch qo‘ymayman. Maksimal darajada harakat qilishga undayman. Maydonga chiqdingmi, oxirigacha kurashishing kerak. Klubning imiji uchun ham o‘ynash lozim.

- Denis Ivankov haqida so‘ramoqchiman. Uni jamoaga taklif qildingiz. Uning ish uslubi qanday? Chunki darvozabonlar o‘yinida keskin o‘zgarish sezilmoqda. Hatto o‘tgan mavsum bilan bu mavsumni solishtirsak, yer bilan osmoncha farq bor.

- Jamoamizda ishlayotgan har bir inson o‘z hissasini qo‘shadi. Busiz iloj yo‘q. Har birining o‘z o‘rni, o‘z mehnati bor. Ular o‘z mehnati bilan jamoaga foyda keltirishadi.

Denis Ivankov ham yigitlar bilan yaxshi ishlayapti. Bir narsa bor: buni to‘g‘ri qabul qilish ham insonning o‘ziga bog‘liq. O‘sish uchun ham shunday bo‘lishi kerak. Ba’zi futbolchilarga gapirasan, lekin umuman o‘zgarish bo‘lmaydi. O‘zinikini ma’qul ko‘radi, aytilgan gapni qabul qilmaydi. Buni ishlagan, shu jarayonning ichida yurgan odam yaxshi biladi.

Intizom degan narsa bor. Hushtak chalinsa, to‘xtash kerak, chalinmasa, o‘yinni davom ettirish lozim. Futbolchilar harakat qilsa, albatta, o‘sadi. Darvozabonlarimiz ham buni tushunib turishibdi. Denis ham o‘z ishini to‘g‘ri bajarib, imkoni boricha yordam beryapti. Yigitlarning ham o‘z ustida ishlash istagi bor.

Bir gap bor: «Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi». Har kunning o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bo‘ladi. Lekin intizom va mehnat muhim. Ba’zi futbolchilar asosiy tarkibda o‘ynab yursa, butun umr shu tarkibda qolaman, deb o‘ylaydi. Yoki bitta o‘yinda g‘alaba qozonsa, shuning o‘zi yetarli, deb hisoblaydi.

Bizda har kuni o‘z ustida ishlash kerak. Darvozabondan tortib hujumchigacha hamma har kuni mehnat qilishi, o‘zini isbotlashi lozim. Bir joyda to‘xtab qolish insonni orqaga tortadi.

Har kuni o‘zingni isbotlashing kerak. Bugungi o‘yin o‘tdimi, u endi tarix. Keyingi uchrashuvga maqsadli ravishda tayyorgarlik ko‘rish lozim. Buning uchun ortiqcha narsa o‘ylab topish shart emas. Futbol muxlislari kechagi g‘alabangga qarab o‘tirmaydi, ular har kuni g‘alaba kutishadi. Futbol muxlisining istagi shu.

- «Lokomotiv» — OKMK Kubok finaliga qanday qaraysiz?

- Yaxshi niyatdaman, juda yaxshi qarayman. Bu ham niyatga bog‘liq. OKMK g‘alaba qozonadi, Xudo xohlasa. Niyatga bog‘liq», - deya Qosimovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar