Live
4
O'zbek

Anvar G‘ofurov: «Hech bir jamoa mag‘lubiyatga loyiq emasdi»

Eksklyuziv
31 oktabr, 16:30
G‘ofurov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Anvar G‘ofurov: «Hech bir jamoa mag‘lubiyatga loyiq emasdi»
Фото: Сурхон ПФК

«Surxon» va «Nasaf» o‘rtasidagi o‘yinda 1:1 hisobi kuzatildi. Ushbu qayd etilgan durangdan keyin termizliklar ustozi Anvar G‘ofurov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Assalomu alaykum. Bugun juda yaxshi jamoaga qarshi o‘yin o‘tkazdik, o‘ylaymanki, bahs yaxshi kechdi. Har ikki jamoa ham g‘alaba qozonish uchun harakat qildi. Hech kim himoyaga yopishib olmadi, ochiq futbol guvohi bo‘ldik.

Xudoga shukur, biz ham bir nechta o‘yindan beri gol ura olmayotgan edik. Ammo uchrashuvlarda munosib o‘yin ko‘rsatdik. Afsuski, bugun gol ham o‘tkazib yubordik. Tan olish kerak, juda kuchli va yaxshi jamoa shakllangan. Ularning bosh murabbiyi ham, murabbiylar shtabi ham juda yaxshi. Bu yangilik emas.

Shuning uchun ochko olganimizdan xursandmiz, desak ham bo‘ladi. Chunki men har doim qaysi jamoaga qarshi o‘ynashimizdan qat’i nazar, futbolchilarni g‘alaba uchun harakat qilishga undayman.

«Boevaya nichya», deyishadi-ku. Menimcha, har ikki jamoa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi va hech biri mag‘lubiyatga loyiq emas edi. Ikkita yaxshi jamoa o‘rtasidagi yaxshi o‘yinni ko‘rdik.

- Jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Buni «Xorazm» va «Qo‘qon-1912»ga qarshi bahslarda ham ko‘rdik. Ammo g‘alabani o‘z tomonlaringizga og‘dira olmayapsizlar. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz? To‘g‘ri, mag‘lub bo‘lmayapsizlar, bu ham yaxshi. Lekin duranglarni ham biroz tahlil qilish kerak.

- Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishimiz kerak. Balki... Kimgadir katta e’tiroz bildirish juda qiyin, chunki hech kim buni ataylab qilayotgani yo‘q. Bu futbol. Ba’zan bittagina vaziyatdan foydalanib, g‘alaba qozonib ketishingiz ham mumkin. Buni tan olishimiz va keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

- Anvar aka, jamoa oldiga ham muayyan vazifa qo‘yilishi kerak. Bu masalani ham o‘rganib chiqish kerak, deb o‘ylaysizmi? Chunki hozir jamoa na u yoqda, na bu yoqda…

- Albatta. To‘g‘ri aytyapsiz, bizning jamoamizda yosh futbolchilar ko‘p. Bu ham o‘z yo‘liga. Agar biz biroz yuqoriroq natijalarga erishmoqchi bo‘lsak, bu albatta seleksiyaga bog‘liq. Seleksiya ishlari kerak bo‘ladi. Bu borada yana rejalarimiz va g‘oyalarimiz bor.

Ammo har bir murabbiy ham imkoniyatlaridan kelib chiqib ish tutadi. Bizning ham yaxshi jamoamiz shakllangan. Buni maydonda ko‘rsatayotgan o‘yinimiz ham isbotlab turibdi. Har holda biz ko‘proq narsaga erishishni istasak, seleksiya ishlarini amalga oshirishimiz shart.

- Keyingi yilga sizga yana imkoniyat berilsa, yanada yaxshiroq natijalar qayd etiladimi?

- Albatta, menimcha, shunday bo‘ladi. Chunki bizda ko‘p gol urgan Chinedu ham bor edi. U 11 ta tur o‘ynagan bo‘lsa, 6 yoki 7 ta gol urdi. Hozir esa hujumchi masalasi biz uchun muammo bo‘lib turibdi.

Tornike ham aslida hujumchi emas, u markaziy hujumchi vazifasida o‘ynashga ixtisoslashmagan. Shuning uchun uni ham oldingi chiziqda o‘ynatyapmiz. Ammo buni o‘zimizga sabab yoki bahona qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Tornike o‘z ishini qilyapti, hech qanday muammo yo‘q. Har bir futbolchi o‘z vazifasini bajarmoqda.

Biz qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganimizni o‘zim ham yaxshi bilaman. Shuning uchun yigitlarga katta rahmat aytaman. Tashrif buyurgan muxlislarimizga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Shuncha yo‘l bosib kelib, bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Biz ham keyingi o‘yinlarda munosib futbol namoyish etib, ularni xursand qilishga harakat qilamiz», - deya G‘ofurovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Surxon Surxon
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar