«Dinamo» klubi safarda «Mash’al» darvozasiga javobsiz uchta gol urdi.
Mazkur kutilgan g‘alabadan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bir qarashda, o‘yin unchalik qiyin kechmagandek tuyuldi. Ammo shunday bahsda ham ko‘plab sariq kartochkalar oldik. Aslida, bunday ogohlantirishlarni olmasligimiz kerak edi. Hali ham ahmoqona xatolarga yo‘l qo‘yyapmiz.
Shunga qaramay, g‘alaba qozongani uchun yigitlarga rahmat aytish kerak. Anchadan beri yuta olmayotgandik. Bungacha to‘rtta uchrashuvda g‘alaba qozona olmadik. Shu sababli bu salbiy seriyadan chiqishimiz, jamoa bunga qanday munosabat bildirishini ko‘rishimiz kerak edi.
O‘yinga qadar raqibni yetarlicha baholamaslik holati yuz bermasmikan, degan xavotirlar ham bor edi. Ammo yigitlarga rahmat, maydonga chiqib, bajarishlari kerak bo‘lgan ishni uddalashdi.
- Bugungi uchrashuvda Behruz Oblaqulovni nima sababdan ko‘rmadik?
- U 20 talik qaydnomaga ham kiritilmadi. Chunki so‘nggi paytlarda uning jismoniy holati va o‘yin formasi talab darajasida emas.
- Oldinda hali muhim uchrashuvlar bor. Bu g‘alaba jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?
- Umid qilamiz. Mag‘lubiyatlardan keyingi bu g‘alaba, har holda, jamoaga qo‘shimcha motivatsiya berishi kerak. Chunki anchadan beri g‘alaba qozona olmayotgandik.
Faqat yana bir bor aytaman, sariq kartochkalar masalasi bor. Bugungiga o‘xshash o‘yinda bunday ahmoqona ogohlantirishlarni olish kerak emas edi. Hatto hayron qoldim: qanday qilib to‘rtinchi sariq kartochkani olish mumkin? Shunday o‘yinda maydonga tushib, yana kartochka olish... Buni tushunish qiyin», - deya Vadim Karlenovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.