Vodiy derbisi doirasidagi «Navbahor» - «Andijon» (1:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Ochig‘i, bunday o‘yindan keyin nima deyishga ham hayronsan. Avvalo, tashrif buyurgan muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Shuncha yo‘l bosib kelib, bizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaganlari uchun ularga katta rahmat aytamiz.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, birinchi bo‘limda biroz o‘zimizni o‘nglab olishimiz uchun vaqt ketdi. Ochig‘ini aytsam, birinchi taymda o‘yin jilovini biroz raqibga berib qo‘ydik. Ammo ikkinchi bo‘limda yigitlar o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishdi, hujumlar ham uyushtirdik. Afsuski, yakunda omad yetishmadi.
- Hammamizga yaxshi ma’lumki, Aziz To‘rg‘unboyev doim yarim himoyada o‘ynab kelgan. Bugungi uchrashuvda esa himoya chizig‘ida harakat qildi. Bunga asosiy sabab nima bo‘ldi?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, birinchi davradan keyin jamoaga yetarlicha o‘yinchilar ololmadik. Jamoaga kerakli futbolchilarni jalb qila olmadik. Shuning uchun qo‘limizdagi tarkibni saqlab qolishimiz va mavjud futbolchilar bilan tayyorgarlikni boshlashimiz kerak edi.
Mavsumning uzoq davom etishi va taqvimning tig‘izligi sababli jarohatlar juda ko‘payib ketdi. Buning ustiga, orada bir futbolchimiz— Muhammadjonov ham jamoani tark etdi. Shu sababli ayrim pozitsiyalarda o‘z o‘rniga xos bo‘lmagan futbolchilarni majburan o‘ynatishga to‘g‘ri kelyapti.
Azizning chap oyoqda o‘ynashini, shuningdek, milliy jamoa safida beshinchi markaziy himoyachi sifatida harakat qilganini hisobga oldik. Shu hafta davomida uni shu pozitsiyaga tayyorladik. Undan oldin Abduvahidni o‘ynatayotgandik, ammo u ham jarohat oldi. So‘nggi mashg‘ulotlarda boshqa imkoniyat qolmagani uchun Azizbekni shu pozitsiyada o‘ynatishga qaror qildik.
- Dragan Cheran bilan shartnoma bekor qilindi. Bundan tashqari, Ashortia jarohatda, bugungi uchrashuv qaydnomasida To‘xtaxo‘jayev ham yo‘q edi. Bu nimadan dalolat beradi?
- Aytganimdek, mavsum juda tig‘iz o‘tmoqda va futbolchilarimiz orasida jarohatlar bor. Shu bois Ashortia va To‘xtaxo‘jayev jarohatda. Bugungi uchrashuvda maydonga tushirmoqchi bo‘lgan Islom To‘xtaxo‘jayev «So‘g‘diyona» bilan o‘yindan keyin jarohat olgani sababli bugun ishtirok eta olmadi. Dragan esa o‘zaro kelishuvga ko‘ra, jamoaga yordam bera olmayotganini hisobga olib, o‘z xohishi bilan ketdi.
- Jamoangiz xavfli zonaga yanada yaqinlashib qoldi. Keyingi turlarda jamoa o‘zini o‘nglab olib, o‘zida kuch topa oladimi?
- Xudo xohlasa, vaziyatni o‘zgartirish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Chunki bizda o‘yin davomida vaziyatlar bo‘lyapti, faqat qayerdadir omad kelmayapti. Yigitlar oxirigacha kurashyapti.
Agar jamoa yomon o‘yin ko‘rsatib, tushkunlikka tushgan holda harakat qilayotganida, bu boshqa gap edi. Menimcha, bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Yigitlar bilan birgalikda bu qiyinchilikni yengamiz. Ular o‘zlarida kuch topa olishadi. Ruhiy va jismoniy jihatdan ham o‘zlarini tiklab, bu holatdan chiqib ketamiz.
- Bugungi uchrashuvdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, «Andijon» jamoasining himoyasi ham, hujumlari ham yomon emas. Ammo hal qiluvchi pallada golli vaziyatlar yaratishda qiyinchilikka duch kelyapti. Nima deb o‘ylaysiz, yetakchi futbolchilar orqali jamoaviy o‘yinni yaxshilashning iloji bormi?
- Birinchi bo‘limda unchalik ko‘p hujum qilmadik. Ammo ikkinchi taymda ko‘rgan bo‘lsangiz, jamoa oldinga siljidi, raqib maydonida to‘pni nazorat qildik. O‘yinning yakuniy qismida hujum chizig‘ida ham futbolchilarimiz ko‘p edi, hujumlar uyushtirdik. Faqat omad kelmadi», - deya Islom Ahmedovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.