Superligasining 26-turidan o‘rin olgan «Navbahor» – «Andijon» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida «lochinlar»ning 28 yoshli tajribali yarimhimoyachisi Umar Adhamzoda bo‘lajak bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Jamoalar turnir jadvalida qaysi pog‘onada borayotganligidan qat’i nazar, har qanday derbi o‘yinlari doimo shiddatli va hujumkor tarzda o‘tadi. Ayniqsa, “vodiy derbisi” bahslari doimo tomoshabop hamda keskin kurashlar ostida kechadi. Bunday uchrashuvlar esa har bir futbolchiga o‘zgacha motivatsiya beradi.
Andijonliklar bo‘lajak bahsda jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilishadi, albatta. Biz esa maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, muxlislarga quvonch ulashish, ularning uylariga xursand holda qaytishlari uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionga kelib, munosib tarzda qo‘llab-quvvatlashlari, zafarimizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman», - deya Adhamzodaning so‘zlaridan keltiradi klub rasmiy sayti.