Live
8
O'zbek

Sergey Lushan: «Mash'al» keyingi mavsumda mavjud bo'ladimi-yo'qmi, bilmaymiz»

Eksklyuziv
31 oktabr, 16:13
Lushan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Sergey Lushan: «Mash'al» keyingi mavsumda mavjud bo'ladimi-yo'qmi, bilmaymiz»
Фото: Машъал ПФК

Superliganing 26-turida «Mash'al» «Dinamo»ni qabul qildi. O'yinda muborakliklar yana yutqazdi, bu safar 0:3 qayd etildi.

O'yindan keyin «Mash'al» bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Har doimgidek, raqib jamoa g'alabaga munosib o'yin ko'rsatdi. Ular bizdan yaxshiroq harakat qilishdi. Ha, bizning ham bir-ikkita vaziyatimiz bo'ldi, ammo ulardan foydalana olmadik. Futbol shunday o'yin: sen gol ura olmasang, senga gol urishadi.

- Bugun maydonda jamoangizning yetakchilaridan Humoyun Murtazoyev va yana bir nechta futbolchini ko'rmadik. Bizning ma'lumotimizga ko'ra, ularda hech qanday muammo yo'q edi. Nima sababdan ular asosiy tarkibda maydonga tushmadi?

- Bilmadim, siz buni qayerdan bilasiz? Jamoa ichida bo'lmasangiz, bu haqda qanday ma'lumotga ega bo'lishingiz mumkin? Siz jurnalistlar faqat mish-mishlar bilan yashaysizlar.

Aslida esa Murtazoyev jarohat olgan. U kecha va undan oldingi kuni mashg'ulotlarni o'tkazib yubordi. Kecha faqat mashg'ulotning bir qismini bajardi va o'rinbosarlar jamoasi safida taxminan 20 daqiqa o'ynab ko'rdi. O'zini sinab ko'rdi. Hozir esa ko'rinishidan, jarohati yana qaytalangan.

Afsuski, yosh ham o'zini bildiryapti, jarohatlar ancha uzoq vaqtda bitadi. Har holda bugun taktika va o'yin yo'nalishimiz biroz o'zgargan edi. Agar Murtazoyev sog'lom bo'lganida, ehtimol, Vladikning o'rniga u maydonga tushgan bo'lardi. Afsuski, jarohati tufayli buning imkoni bo'lmadi.

- «Mash'al» allaqachon Pro ligaga tushib ketdi. Keyingi mavsumda ham jamoa bilan ishlashda davom etasizmi?

- Buni bilmayman. Umuman olganda, «Mash'al» keyingi mavsumda mavjud bo'ladimi-yo'qmi, buni hech birimiz bilmaymiz. Menimcha, 90 foiz ehtimol bilan «Mash'al» chempionatdan chiqib ketadi. Chunki boshqa jamoalarda bo'lgani kabi, bizda ham pul yo'q. Odamlar sakkiz oydan beri maosh olmayapti. «Mash'al» mehnatkashlari pulsiz qolgan. Bunday sharoitda qaysi jamoa faoliyat yurita oladi? Futbol o'ynash uchun ham, axir, ovqatlanish kerak.

Pul yo'q va uning paydo bo'lishi ham kutilmayapti. Homiylar yo'q, hech narsa yo'q. Mening tushunishimcha, Pro ligada ham davlat tomonidan yordam ajratilishi rejalashtirilmagan. Shunday ekan, klubning o'zi ham chempionatdan chiqib ketishi mumkin.

Bu qanday yakun topishini bilmayman, vaqt ko'rsatadi. Hozircha hech narsa deya olmaymiz. Rahbariyatdagilar vaziyatdan chiqish yo'llarini izlayapti, iltimos qilyapmiz, harakat qilyapmiz. Ammo, afsuski, hozircha natija yo'q. Bu muammo faqat bizda emas. Menimcha, har bir intervyuda bir xil gaplarni takrorlashga majburmiz. Hamma futbolda nima bo'layotganini ko'rib turibdi.

Menimcha, agar kelasi yili Superligada to'qqizta jamoa ishtirok etadigan bo'lsa, hozirgi moliyaviy sharoitda ularning hech biri yashab qola olmasligi mumkin. Albatta, o'zining bosh homiysi bor klublar qandaydir yo'l bilan faoliyat yuritishda davom etadi. Ammo bu sport prinsiplariga qanchalik mos keladi? Bir klubda pul bor, boshqasida esa umuman yo'q. Buni qanday tushunish mumkin?

Men bu tizimni kim va qanday fikr bilan o'ylab topganini bilmayman. Hatto bu haqda gapirishni ham istamayman. Bu — mutlaqo mantiqsiz holat. Futbol davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi kerak bo'lgan sport turi. Dunyodagi hech bir mamlakatda davlat ko'magisiz futbol klublari yashab qola olmaydi. Ha, ayrim xususiy klublar borki, ularni milliarderlar moliyalashtirishi mumkin. Ammo har bir mamlakatda bunday klublar bitt yoki ikkitadan oshmaydi.

Afsuski, bizda bunday imkoniyat yo'q. Bir vaqtlar «Bunyodkor» klubi bor edi. O'sha paytda futbolning haqiqiy ishqibozi bo'lgan inson bor edi. U futbolga katta mablag' kiritdi va o'sha davrda butun futbolimiz rivojlandi. Bu xususiy mablag'lar hisobiga amalga oshirildi.
Hozir esa futbolga pul tikishi mumkin bo'lgan birorta korxona yoki juda boy insonni ko'rmayapman. Ayniqsa, futbolning haqiqiy muxlisi bo'lgan tadbirkorlar yo'q. Shaxsan men bunday insonlarni bilmayman. Balki boshqalar nimanidir bilar, ammo men ko'rmayapman.

«Paxtakor»ni olaylik. Bu o'zbek futbolining ramzi. Ammo klub hokimlikka qaram bo'lib qolgan. U yerda mablag' ajratishadi, masalan, «mana, besh milliard» deyishadi. Sizlar ham bu haqda o'qiysizlar, yozasizlar. Bu qanday holat o'zi? Futbolchilar qandaydir kambag'al, tilanchi odamlarmi? Nega ular shunday ahvolga tushishi kerak? Nazarimda, bu borada qandaydir amaliy qadamlar tashlash vaqti keldi.

Yana bir jihatga e'tibor qaratmoqchiman. Jahon chempionatiga chiqqanimizni aytyapmiz. Ammo bu muvaffaqiyat 15 yil avval boshlangan mehnatning samarasi. Bugungi natija — o'sha 15 yillik ishning mevasi. Hozir biz shu mehnat samarasidan foydalanyapmiz. Ammo keyin nima bo'ladi? Yoshlar terma jamoalarimizga qarang. Ular jahon chempionatida nechanchi o'rinni egallashdi? 42-o'rinmi? Juda ajoyib natija-ku! Keling, endi oldinga qaraylik. Bu — bizning kelajagimiz.
Yoshlar terma jamoasidagi futbolchilarni ism-familiyasi bilan sanab ko'ring. Ularning qaysi birini taniysiz? U-17 terma jamoasi futbolchilarining ismlarini bilasizmi? Bir-ikkitasi, xolos. Vaholanki, bu yigitlar besh-olti yildan keyin milliy jamoada o'ynashi kerak.

Bir o'ylab ko'ring: agar chempionatimiz inqirozga yuz tutsa, na milliy jamoa, na boshqa narsa qoladi. Yaqinda bir gapni o'qidim, menga tarjima qilib berishdi. Kimdir — familiyasini aytmayman, ehtimol, u bizdan ko'proq narsani bilar — «milliy jamoa chempionatdan alohida mavjud bo'ladi», debdi.

Agar shunday bo'lsa, unda besh yildan keyin o'zbek futboli qanday ahvolga tushishini tasavvur qilib ko'ring. Agar milliy jamoa chempionatdan alohida bo'lsa, unga futbolchilar qayerdan yetishib chiqadi? Agar chempionatimiz Afrikadagi qandaydir qabilalar o'rtasidagi musobaqaga o'xshab qolsa, futbolchilarni qayerdan olamiz? Chet eldanmi? Bu endi tomosha, haqiqiy sirk!

Shuning uchun, bilasizmi, biz har kuni bu masalalarni muhokama qilamiz. Ko'pchilik vaziyatni ko'rib turibdi, hammasini tushunyapti. Ehtimol, buni hal qilishi kerak bo'lgan insonlar ham anglab yetgandir. Qandaydir o'zgarishlar bo'lishi shart. Hamma o'sha o'zgarishlarni kutyapti.
Ammo hozircha, siz aytganingizdek, asosan ikki-uchta klub bor, qolganlar esa dengizdan najot kutgandek, kutishda davom etyapti», - deya Lushanning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Mashal Mashal
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar