Live
4
O'zbek

Ro'ziqul Berdiyev: «Nasaf» o'zbek futboliga juda katta yordam berib kelgan va bundan keyin ham yordam beradi»

Eksklyuziv
31 oktabr, 16:24
Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
Ro'ziqul Berdiyev: «Nasaf» o'zbek futboliga juda katta yordam berib kelgan va bundan keyin ham yordam beradi»
Фото: Насаф ПФК

«Nasaf» safarda «Surxon»ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobida durang o'ynadi. Uchrashuvdan so'ng «Nasaf» bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

- Bugun, menimcha, balki maydon holati ham shunga sabab bo'lgandir, ko'proq kurashlarga, yakkama-yakka bellashuvlarga boy o'yin bo'ldi. Shuning uchun bahs mazmunli va sifatli kechmagandir. Ammo shunga qaramay, har ikki jamoa ham vaziyatlar yarata oldi. Nazarimda, qaysidir jamoa g'alabani o'z tomoniga og'dirishi mumkin edi. Lekin bugun durang natija qayd etildi.

Albatta, «Surxon» jamoasini alohida ta'kidlashim kerak. Ular to'pni yaxshi nazorat qilishadi. Biz imkon qadar ularning shu jihatlarini inobatga olib, ko'proq bosim uyushtirishimiz kerak edi. Qaysidir ma'noda buni uddaladik, vaziyatlar ham yaratdik. Faqat tezkor qarshi hujumlarga o'tishda biroz oqsadik.

- O'tgan uchrashuvdan keyingi suhbatda mag'lubiyat sabablaridan biri sifatida hujumchilarga mahorat yetishmaganini aytgandingiz. Bugungi o'yinda esa himoyada ham muammolar borligi ko'rindi. To'g'ri, bu sizning taktikangiz bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Kechagina akademiyadan chiqqan yosh futbolchilar ham ko'plab vaziyatlarni o'zlari yaratishdi. Ammo himoyaga qaytishda... Umuman, jamoaning bu jihati haqida nima deysiz?

- Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, biz ham yana vaziyatlar yaratdik. 15-daqiqada 2:0 hisobida oldinda bo'lishimiz mumkin edi. Boburning imkoniyati, Patada, yana boshqa futbolchilarda ham imkoniyatlar bo'ldi. Ammo bu bizning asosiy muammolarimizdan biriga aylanib qolayapti.
«Surxon» jamoasida ham vaziyatlar bo'ldi. Futbolda yoshmi, qarimi, baribir vaziyatlar yaratiladi. Bugungi o'yinga kelsak, biz ikki kundan keyin, uchinchi kuni maydonga tushdik. Charchoq sababli ayrim holatlarda raqibga ulgura olmay qolyapmiz. Menimcha, buni ham hisobga olish kerak.

Hujumga berilib ketganimizdan keyin ayrim vaziyatlarda futbolchilarimiz himoyaga qaytishga ulgurmay qolishdi. Shuning natijasida o'yinning oxiriga kelib, «Surxon» jamoasi bir-ikkita vaziyat yarata oldi.

- Ro'ziqul aka, charchoq haqida gapirdingiz. Bu juda qiziq masala. Taqdir taqozosi bilan, oxirgi marta uchrashganimizda ham shunday zich taqvimdagi o'yinlar haqida gaplashgandik. O'shanda Yelichich: «To'g'risini aytsam, imkonim bo'lsa, o'zim uchun uch kunlik taqvim tuzib olardim. Haftada ikkita o'yin o'tkazsam, futbolchilarimga futboldan ko'ra tiklanish uchun ikki kun bergan bo'lardim. Shunda ular yanada kuchliroq o'ynayveradi», degandi.

Kimdir bir yo'lni tanlaydi, boshqasi esa boshqa yo'lni. Siz uchun qaysi biri qulay? Ko'rib turibmizki, zich taqvim sizga qiyinchilik tug'diryapti. Bu borada fikringiz qanday?

- Bu, albatta, uning shaxsiy fikri. Ammo menimcha, bizning iqlim sharoitimizda va mavjud vaziyatda bunday jarayonga moslashish juda qiyin.

Agar safardagi o'yinlarni ham hisobga oladigan bo'lsak, uch yoki ikki kun oralig'ida o'yin o'tkazish, shuningdek, tarkibimiz imkoniyatlarini inobatga olsak, bu holat men uchun ancha og'ir bo'lishi mumkin.
Lekin tarkibimiz keng bo'lsa, o'yinlar oralig'idagi vaqt uch kunni tashkil etsa ham, O'zbekiston ichidagi uchrashuvlarda maydonga tushish mumkin. Ammo boshqa mamlakatga safar qilish kerak bo'lsa, bu har bir jamoa uchun qiyinchilik tug'diradi.

Masalan, Quvayt jamoasini olaylik. Biz uch kundan keyin yana u yerga borib o'ynashimiz kerak. Yana yo'l bosib borishimizga to'g'ri keladi. Quvayt jamoasi esa bu masalaga alohida e'tibor qaratdi. E'tibor bergan bo'lsangiz, ular Qarshiga to'rt kun oldin kelib, yana charter reys orqali uchib kelishdi. O'yindan keyin esa darhol ortga qaytishdi.

Bugun o'tkazilishi kerak bo'lgan o'z chempionatidagi uchrashuvini ham qoldirishdi. Biz esa o'yinlarni davom ettiryapmiz. Albatta, bu bitta tarkib bilan harakat qilayotgan jamoa uchun og'irlik qiladi.

- Afsuski, «Nasaf» OChLda yana yutqazdi. Qo'pol bo'lsa ham aytamizki, jamoa oxirgi uch yilda xalqaro maydonda o'zbek futboli uchun ko'proq zarar keltiryapti, degan fikrlarga qo'shilasizmi?

- Bilmayman, bu kimningdir fikri bo'lishi mumkin. Ammo «Nasaf» o'zbek futboliga zarar keltiryapti, degan gapga qo'shilmayman.
«Nasaf» jamoasi o'zbek futboliga katta yordam berib kelmoqda. Jamoamizning xalqaro maydonlarda erishgan yaxshi natijalari boshqa o'zbek klublariga ham xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini yaratib bergan.

Qachonki yaxshi natijalarga erishsak... Hozir esa vaziyatimiz shunday bo'lib turibdi. Bu faqat «Nasaf»ga tegishli emas. Umuman, bu musobaqalarda, menimcha, har bir jamoamizga qiyin bo'ladi. Hech kim uchun oson kechmaydi.

Shuning uchun bu kimningdir shaxsiy fikri bo'lishi mumkin. Menga esa bu fikr qiziq emas. Agar aybni «Nasaf»ga ag'daradigan bo'lishsa, bunday qarashga mutlaqo qo'shilmayman. Bu juda noto'g'ri fikr. «Nasaf» o'zbek futboliga juda katta yordam berib kelgan va bundan keyin ham yordam beradi», - deya Ro'ziqul Sa'dullayevichning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Surxon Surxon
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar