Namanganda bo‘lib o‘tgan «Navbahor» va «Andijon» klublari o‘rtasidagi vodiy derbisi kutilganidek juda shiddatli va keskin kurashlar ostida kechdi. O‘yin esa 1:0 hisobida mezbonlarning foydasiga hal bo‘ldi.
Biroq «Andijon» raqibga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Zaxiradan maydonga tushgan Bekzod Sulaymonov esa ikkita epizodda voqeaning qahramoniga aylandi. Avvaliga uni jarima maydoni ichida yiqitishdi, keyin esa u juda qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.
- Bekzod, vodiy derbisi haqidagi fikringiz qanday? O‘yin oxirlarida sizni jarima maydoni ichida to‘xtatib qolishdi, ammo hakam penalti belgilamadi. O‘sha vaziyatga qanday izoh berasiz?
- O‘yinga keladigan bo‘lsak, bu derbi va biz uchun muhim bellashuv edi. Uchrashuvga 100 foiz tayyor edik. Buni maydonda ham ko‘rdinglar. Lekin biz hech bo‘lmaganda uyga bir ochko bilan qaytishimiz kerak edi. Lekin bunga hakamlar to‘sqinlik qilishdi. 80-daqiqada o‘ylaymanki, 100 foiz penalti bor edi. Meni yelkamdan ushlab qoldi. Aks holda darvozagacha masofa yaqin edi va men gol urishim mumkin edi.
Hakam o‘yin mobaynida ko‘p vaziyatlarda 50 ga 50 holatlarda ham raqib foydasiga qaror chiqardi. Afsuski, men qulay vaziyatdan foydalana olmadim. Buning uchun jamoadoshlarim va muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Yana takrorlayman, biz derbida hech bo‘lmaganda durang natijaga loyiq edik.
- Darhaqiqat, «Andijon» mag‘lubiyatga loyiq emasdi, lekin hayot davom etadi. O‘zingiz uchun qanday xulosa chiqardingiz?
- Men ham o‘zim uchun har qanday imkoniyatdan foydalana olish muhimligini bilaman. O‘sha vaziyatda gol urganimda o‘yin boshqacha bo‘lardi.
- Chindan ham gol urishga juda yaqin kelgandingiz. O‘sha vaziyatda gol bo‘lishiga nima xalaqit qildi?
- Ha, haqiqatan gol urishga yaqin kelgandim. Hamma narsani to‘liq bajardim. Ammo omad kelmadi, darvozaga kirmadi. Shu kamchilik ustida ishlab, Xudo xohlasa, hali g‘alabalarimizga o‘z hissamni qo‘shaman.
- Oldinda «Lokomotiv»ga qarshi chempionat o‘yini turibdi. Qolaversa, shu oyning o‘zida ularga qarshi kubok yarim finalida ham o‘yin bor. Siz uchun qaysi biri muhim?
- Bo‘lajak uchrashuvlarga kelsak, ikkalasi ham muhim. Harakat qilamiz va Xudo xohlasa, ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozonamiz.
Bekzod Sulaymonov: «100 foiz penalti bor edi»
Eksklyuziv
1 noyabr, 11:48
Sulaymonov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
Фото: Андижон ПФК
31.10.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Navbahor Namangan
1
:
0
Andijon