Elit Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi doirasida «Neftchi» O‘monda «Traktor» mehmoni bo‘ladi. Bo‘lajak bahs oldidan farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov va yarim himoyachi Jamshid Iskanderov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bu o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish uchun bizda yetarlicha vaqt bo‘ldi. Jamoamiz bo‘lajak bellashuvga to‘liq tayyor. Eron jamoalari Osiyoda yaxshi jamoalar hisoblanadi. Ular o‘zlarida yaxshi taassurot qoldirib kelishgan.
Jamshid Iskanderov: «Biz ushbu bahsga juda yaxshi kayfiyatda yetib keldik. O‘ylaymanki, muxlislar «Traktor»ga qarshi qiziqarli bellashuvning guvohi bo‘lishadi. Jamoamiz o‘yinga to‘liq tayyor.
- «Neftchi» safida bir nechta o‘yinchilar bo‘lajak bahsda jamoaga yordam bera olmaydi. Bu yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldira oladigan o‘yinchilar bormi?
- Har bir futbolchining jamoadagi o‘rni baland. Ertangi bahsda Ikrom Aliboyev, Koffi va bir nechta o‘yinchilar bizga yordam bera olmaydi. Bu yigitlar jamoamiz uchun muhim o‘yinchilar hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, bizda teng ikki tarkib bor. Yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldira oladigan o‘yinchilar bor. Bu bizga muammo bo‘lmaydi.
«Traktor»ga qarshi bahsda jamoa qaysi jihatlarda ustunlik qilishi mumkin?
- O‘yindan kelib chiqib, uchrashuvda barcha jihatlarda raqibdan ustun bo‘lishga harakat qilamiz. Ammo bu futbol. Oldindan aynan shu jihatlarda raqibdan ustun bo‘lamiz, deb ayta olmaymiz. O‘zimiz uchun kerakli natijaga erishish uchun maydonda astoydil harakat qilamiz. Raqib tarkibida milliy jamoa a’zolari bor, yaxshi o‘yinchilar ko‘p. Jiddiy raqib. Umuman olganda, Elit Osiyo Chempionlar ligasida har bir bahs qiyin va murakkab kechmoqda. Barcha raqiblar muammo tug‘dira olmoqda.
- Ertangi bahsda stadionga yana ko‘plab muxlislar kelishi haqida xabarlar bor. Bu jamoaga yanada qulaylik keltirib chiqaradimi?
- Stadionda muxlislarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, bu shuncha yaxshi. Bu borada rahbariyatga ham minnatdorchilik bildiraman. Chunki ular jamoamiz muxlislari uchun sharoitlar yaratib bermoqda. Biz ham bo‘lajak bahsda o‘z maydonimizda o‘ynayotgandek his qilamiz. Hech bir stadion jonajon «Istiqlol» o‘yingohimizning o‘rnini bosa olmaydi. Imkon qadar bu maydonda ham o‘zimizni qulay his qilishga harakat qilamiz.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi