OCHL Elit musobaqasi doirasida «Neftchi» Farg‘onada Saudiya Arabistonining «Al Ittixod» klubini qabul qildi hamda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- Alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Jamoamiz bu mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Futbolchilarimiz maydonda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Afsuski, oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol bizni qimmatli ochkolardan mahrum qildi. To‘xtab qolmaymiz, kurashishda davom etamiz. Sababi, hozir juda og‘ir paytlarni boshdan o‘tkazyapmiz. Uch kun ichida juda qiyin ikkita o‘yinni o‘tkazdik. Sababi, «Paxtakor»ga qarshi juda og‘ir o‘yinni o‘tkazgandik va uch kundan so‘ng «Al Ittixod»ga qarshi o‘ynadik. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Xatolarimizni ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz va keyingi o‘yinlarda yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- «Neftchi» munosib o‘ynadi. Lekin qaysi jabhada biz shu narsani yaxshiroq qilsak bo‘lardi, deb aytgan bo‘lardingiz?
- O‘tkazib yuborilgan ikkala gollarni juda oddiy vaziyatlarda o‘tkazib yubordik. Birinchi golda ham himoyachilarimiz yutishi kerak bo‘lgan to‘p edi. Standart ham oddiy vaziyatda bo‘ldi. Agar to‘g‘ri o‘ynaganimizda balki mag‘lub bo‘lmasdik. Uchrashuv oxirida ham deyarli yo‘q joydan o‘zimizga gol olib keldik. Raqib ham tushunib yetgandiki, ular ham yuqoriga o‘ta olmayotgandilar. Sababi, biz bunga yo‘l bermayotgandik. To‘g‘ri, ular ham vaziyat yaratishga harakat qilishdi. Balki raqib to‘pni ko‘proq nazorat qilgan bo‘lishi mumkin. Bu ikkala jamoaga hech narsa bermasdi. Afsuski, ikkita muvozanat yetishmagan holat bizni ochkolardan mahrum qildi.
- «Neftchi» tezkor hujumga o‘tganda biroz to‘xtab qolmoqda. Bunga nima sabab?
- Masalaning ikkinchi tomoni ham borki, raqib ham bizga qarshi o‘ynayapti-da. Bugungi raqibimiz tarkibidagi futbolchilar jahon darajasidagi o‘yinchilar. Juda katta tajribaga ega. «Al Ittixod» bekorga ularga katta pullar sarflab olib kelmagan. Raqib futbolchilarining saviyalarini ham qayd etishimiz kerakki, biz qarshi hujumlarga chiqib ketayotganimizda to‘g‘ri hududlarni yopa olishdi. Pressingda ham yaxshi o‘ynashgani uchun biz bu borada qiynaldik.
O‘ylaymanki, shunday bo‘lsa-da, biz juda ko‘p vaziyatlar yarata oldik. Birinchi bo‘limda ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Jamoa taktik tomondan deyarli bexato o‘ynadi. Futbolchilar kuchli raqibga qarshi munosib o‘ynashdi. Oddiy holatda oxirida o‘tkazib yuborilgan gol hisobiga ochkolar yo‘qotildi. Raqib bizni to‘liq mag‘lub etdi, demagan bo‘lardim. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga loyiq emasdik. Kamida durangga loyiq edik.
- Markus Forss bugun o‘yindan tushib qolmadimi? Uni biroz sustkashligi evaziga ko‘proq qanotlardan hujumlar uyushtirildi. Yoki Danilo yaxshiroq o‘ynadimi? Umuman, Forssni o‘yini haqida nima deya olasiz?
- Danilo ham yuqori darajadagi futbolchi. Agar istalgan raqibga o‘ynash imkonini berganida «Al Ittixod»da o‘ynamayotgan bo‘lardi. Raqib ham maydonga qarshilik ko‘rsatish uchun chiqadi. Forss katta hajmdagi ishni bajardi. Ko‘proq pressinglarda qatnashishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘p kuch yo‘qotgani hisobiga yakka kurashlarda kuch topa olmadi. Umuman olganda, 10 balli tizimda uning o‘yiniga 7-8 ball qo‘ysa bo‘ladi. Afsuski, Marushich bilan Perisada jarohat aniqlandi. Bizda boshqa imkoniyat ham yo‘q edi, faqat Markus Forss va yosh hujumchimiz bor edi. U esa hali bunday darajadagi uchrashuvlarga tayyor emas.
- «Neftchi» taktik jihatdan mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Faqat nomlar hal qildi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
- «Al Ittixod»ni ham tan olish kerak, ular ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Qiyin holatlarda baribir sifat birinchi o‘ringa chiqadi. O‘ylaymanki, barcha futbolchilarimiz o‘z imkoniyatlari darajasidan baland o‘yin ko‘rsatishdi. Bizning futbolchilarimiz ham ulardan kam emas. Istalgan raqibga qarshi o‘ynasa bo‘ladi va buni bugun maydonda ko‘rsata olishdi. «Al Ittixod» yaqqol ustunlik qilgani yo‘q. Ularni tarkibi kuchli bo‘lsa ham biz mag‘lubiyatga loyiq emasdik», - deya Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.