Live
11
O'zbek

Mirko Yelichich: «Biz uch ochkoga munosib edik»

Eksklyuziv
1 noyabr, 10:47
«Lokomotiv» bosh murabbiyi OKMK bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Mirko Yelichich: «Biz uch ochkoga munosib edik»
Фото: Локомотив ПФК

«Lokomotiv» uyida OKMKga 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Mazkur bahsdan keyin mezbon jamoa bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.

- Avvalo, jamoamizning bugungi o‘yini uchun futbolchilarni tabriklayman. Bu uchrashuv biz uchun juda muhim edi. Jamoa futbol o‘ynashga tayyor ekanini ko‘rsatdi. O‘yindan mamnunman, futbolchilarning maydondagi harakatlari menga yoqdi. Natija esa juda achinarli bo‘ldi.
Menimcha, biz uch ochkoga munosib edik, ammo birorta ham ochko ololmadik. Futbol shunday: ba’zida yaxshi o‘ynaysan-u, hech narsaga erishmaysan, ba’zida esa yomon o‘ynab ham uch ochkoni qo‘lga kiritasan. Bugun bizga omad kulib boqmadi.

- O‘yindan keyin futbolchilar hakamlarga e’tiroz bildirishdi. Ammo asosiy ayb futbolchilarning o‘zlarida emasmi? Ya’ni, ayrim futbolchilar o‘yin oxirigacha harakat qilish o‘rniga to‘xtab qolishdi. Ushbu holatga qanday izoh berasiz?

- Birinchidan, hakam aybdor. Ikkinchidan, o‘zimiz ham aybdormiz. Aytaylik, hakamning xatosi maydon markazida sodir bo‘ldi, bizning xatomiz esa o‘z darvozamiz yaqinida yuz berdi. Demak, har ikki tomonda ham xatolar bo‘ldi.

Balki hakam vaziyatni yaxshi ko‘rmagandir. Men esa o‘sha holatdan besh metrcha uzoqlikda turgan edim. U yerdan qaraganda, to‘p maydonni bir necha metrga tark etgani ko‘rinib turardi. Ular bu vaziyatni qanday ko‘rishdi, qanday baholashdi — bilmayman. Buni aniq ayta olmayman. Lekin menga to‘p autga taxminan bir metr chiqqandek ko‘rindi.

Bunday tarzda mag‘lub bo‘lish juda achinarli. Bu birinchi xato edi. Endi biz jamoa sifatida ushbu vaziyatdan keyin qanday yo‘l tutishimiz kerakligini birgalikda hal qilishimiz lozim.

- Bugungi uchrashuvda ikki taym bir-biridan farqli kechdi. Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoaning himoya chizig‘i hujumdan ustun keldi, deb o‘ylayman. Har ikki jamoa ham juda ehtiyotkor harakat qildi. Zaxiradan tushgan futbolchilar hisobiga «Lokomotiv» raqibni bostirib o‘ynay olmadi. OKMK himoyasini yorib o‘tish qiyin bo‘ldi. Buning sababi nimada?

- Ha, har xil bo‘ladi. Zaxiradan maydonga tushadigan futbolchini o‘yinni kuchaytirishga tayyorlash oson emas. Ba’zida bu ish beradi, ba’zida esa yo‘q. Bugun zaxiradan tushgan futbolchilarimiz kutilgan darajada yordam bera olmadi.

Biz raqib himoya chizig‘idagi futbolchilar charchaganini, ular yuqoriroq pozitsiyada o‘ynayotganini hisobga olgandik. Qanotlardagi tezlikdan foydalanishni rejalashtirgandik. Ya’ni, yangi kuchlar maydonga tushib, himoya ortidagi hududlardan foydalanishi kerak edi. Ammo bu rejamiz kutganimizdek amalga oshmadi.

- Jamoa Kubok bahsida «Neftchi»ga qarshi bir taymning o‘zida to‘rtta gol urgan edi. O‘sha ajoyib g‘alabadan keyin «Lokomotiv» ketma-ket uchinchi o‘yinda ham g‘alaba qozona olmayapti. Hujumdagi imkoniyatlardan bir xil maromda foydalanilmayotganining sababi nimada? Jamoa bor kuchini o‘sha «Neftchi» bilan o‘yinga sarflab qo‘ydimi?

- «Lokomotiv» Kubokda «Neftchi»ni safarda mag‘lub etganidan keyin ikkita uchrashuv o‘tkazdi. Savolingizga kelsak, vaziyatlar bor, lekin ulardan foydalanish darajasi past. Buning sababini oldindan aytib berish qiyin. Ba’zida imkoniyatlardan foydalanasiz, ba’zida esa yo‘q. Buni mahorat bilan ham bog‘lash mumkin, omad bilan ham. Har xil o‘yinlar, har xil vaziyatlar bo‘ladi.

Statistika hamma narsani anglatmaydi. Masalan, 50 ta imkoniyat yaratib, bitta gol urishingiz mumkin. Boshqa o‘yinda esa beshta imkoniyatdan to‘rttasini golga aylantirishingiz mumkin. Hammasi o‘sha vaziyatdan qanday foydalanishingizga bog‘liq.
Bugun bizda bu ish bermadi, vaholanki, ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik. O‘tgan o‘yinda ham gol ura olmagan edik. Raqiblar yaxshi himoyalanishdi. Bugungi raqib ham himoyada yomon o‘ynamadi. Ularning himoyadagi harakatlarini ham e’tirof etish kerak.

- Noyabr oyida «Andijon» bilan ikki marta o‘ynaysizlar: chempionat doirasida va Kubokda. Asosiy kuch va syurprizlarni Kubok uchrashuvi uchun saqlab qo‘yasizmi yoki har ikki bahsga ham bir xil yondashasizmi? Rejalaringiz qanday?

- Biz uchun farqi yo‘q. Har bir o‘yinga bir xil yondashuv bilan chiqamiz. Biz uchun jarayon muhim. Bu borada ortiqcha hissiyotlarga berilmaymiz. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladimi yoki Kubok yarim finali — biz uchun farqi yo‘q. Har bir bahsga imkoniyatimiz darajasida maksimal tayyorgarlik ko‘ramiz. Har kuni shuning uchun harakat qilamiz.

- Statistika haqida aytganingizga qisman qo‘shilaman. Ammo so‘nggi oltita o‘yinda, siz ishlagan davrni ham hisobga olsak, «Lokomotiv» OKMKdan olti marta mag‘lub bo‘lgan. Sizningcha, O‘zbekiston Kubogi finalida «Lokomotiv» — OKMK juftligi yuzaga kelishi ehtimoli bormi? Bugungi kunda Kubokdagi maqsadlar nuqtayi nazaridan OKMK «Lokomotiv» uchun haqiqatan ham noqulay raqibga aylanib qoldimi? Axir ketma-ket oltita mag‘lubiyat qayd etilgan.

- Yo‘q, unchalik emas. Menimcha, bu boshqacha jamoa. OKMK — ochiq futbol o‘ynashga tayyor jamoa. Bugun biz besh-oltita gol urishimiz kerak edi, deb hisoblayman. Lekin urolmadik. Endi nima ham qilardik? Biz Kubok yarim finalidamiz va buning o‘zi yaxshi. Hech qanday muammo yo‘q.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ularga qarshi birinchi uchrashuvda ham so‘nggi daqiqalarda mag‘lub bo‘lgan edik, bugun ham xuddi shunday holat takrorlandi. Ammo har ikki o‘yinda ham raqibdan yaxshiroq harakat qildik, deb hisoblayman. Agar Kubok finalida ham shu jamoaga qarshi o‘ynash nasib qilsa, bundan xursand bo‘laman», - deya Yelichichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar