Elit Osiyo Chempionlar ligasi 4-turida «Paxtakor» Toshkentda «An Nasr» bilan bellashadi. Bugun, o‘yin oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda «sherlar» murabbiyi Emilian Karas o‘z fikrlarini bildirdi.
- «Ertangi o‘yin hammamiz kutgan o‘yinlardan biri hisoblanadi. Bu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. «An Nasr» Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Biz bo‘lajak raqibga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ushbu bahsda ularga munosib qarshilik qilamiz. Stadionga kelgan muxlislarimizni xursand qilish uchun maydonga chiqamiz.
- Ronaldu «Paxtakor»ga qarshi o‘yin uchun Toshkentga olib kelinmadi. Bu futbolchilar xotirjam o‘yin ko‘rsatishiga xizmat qilishi mumkinmi?
- Tarkibda kim bo‘lishidan qat’i nazar, «An Nasr»da yuqori saviyali yulduzlar juda ko‘p. Aytmoqchimanki, ularda Ronalduning o‘rnini bosadigan o‘yinchilar topiladi. Ehtimol, uning yo‘qligi bizga muammo bo‘lishi mumkin. Chunki u maydonda bo‘lganida butun jamoa unga o‘ynaydi va raqibning harakatlarini o‘qish osonroq bo‘ladi. Boshqa futbolchilar tushganda esa hujumni rivojlantirish variantlari ko‘payadi. Ehtimol, biz uchun Ronaldusiz «An Nasr»ga qarshi o‘ynash qiyinroq bo‘lishi mumkin.
- «Paxtakor» har uch kunda maydonga tushmoqda, og‘ir safarlar bor. Yevropalik mutaxassis sifatida klubdagi tiklanish, fizioterapiya va tibbiy shtab ishini qanday baholaysiz?
- Tiklanish masalasiga kelsak, bizda hamma sharoit bor, ammo eng asosiy yetishmayotgan narsa — bu vaqt. Har uchinchi kunda maydonga tushyapmiz va doimiy safarlardamiz. Agar barcha o‘yinlar uyda bo‘lganida, parvozlarsiz tiklanish ancha yengil kechardi. Professional klub sifatida yigitlarni jismoniy va psixologik jihatdan tiklash uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘ryapmiz.
- «An Nasr» tarkibida jahon futbolining yorqin yulduzlari to‘p tepishadi. Garchi Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelmagan bo‘lishiga qaramay, jamoa tarkibida Sadio Mane, Joao Feliks va boshqalar bor. Ertangi o‘yinda jamoangiz ochiq futbol ko‘rsatishi mumkinmi?
- Biz o‘ynagan barcha jamoalarda katta mablag‘ evaziga sotib olingan sifatli futbolchilar bor. Biroq pul futbol o‘ynamaydi — maydonga har ikki tomondan 11 nafardan futbolchi tushadi. Biz jamoaviy kuchimizga tayanamiz. Raqib safida kim maydonga tushishidan qat’i nazar, o‘z o‘yinimizni namoyish etib, natijaga erishishga harakat qilamiz.
- «Eyr Fors»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng maydon holatini tanqid qilgandingiz. Lekin jamoangiz hali Elit OChLda g‘alaba qozongani yo‘q. Bu faqat tashqi omillar bilan bog‘liqmi yoki jamoa o‘yinida ham kamchiliklar bormi?
- Iroqdagi maydon haqiqatan ham dahshatli ahvolda edi. To‘g‘ri, bu ikkala jamoa uchun ham bir xil sharoit bo‘lgan. Agar biz birinchi bo‘lib gol urganimizda, bahs umuman boshqacha kechardi. Biz ko‘proq to‘pni yerda saqlab o‘ynaydigan texnik jamoamiz, bunday maydonda esa to‘g‘ri chiziqli futbolga o‘tish talab etilardi. Masalan, keyingi bahsda sun’iy qoplamali maydonda o‘ynagan bo‘lsak-da, u tekis edi va u yerda bemalol futbol o‘ynash mumkin edi. Albatta, mag‘lubiyatlardan biz ham xafamiz va ertangi bahsda o‘zimizni oqlab, OChLdagi ilk g‘alabamizni qo‘lga kiritishga bor kuchimizni sarflaymiz», - dedi Karas.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi