«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinio yillar davomida murabbiylik uslubi va tanqidlarga munosabati qanday o‘zgargani haqida gapirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, endilikda boshqalarning fikri uni avvalgidek bezovta qilmaydi.
«Ko‘p yillar o‘tganidan keyin o‘zimni ancha bosiqroq deb hisoblayman. Ya’ni boshqalar nima deyishi men uchun mutlaqo ahamiyatsiz. Tanqidlar menga ta’sir qilmaydi.
Kimdir men u yoki bu ishni qilganimni, «Barselona»da ishlagan paytimda boshqacha yo‘l tutganimni aytsa ham, bunga e’tibor bermayman. «Barselona»dagi muvaffaqiyatlarda asosiy xizmat futbolchilarga tegishli deb hisoblayman. Agar bahsdan keyin jamoaga qandaydir yordam bera olganimni his qilsam, bundan juda mamnun bo‘laman.
Hammasi muvozanatda. Men na jasoratliroq, na ehtiyotkorroq bo‘lib qoldim. «Real»dagi ilk faoliyatim davomida qo‘llagan himoyaviy yondashuvimiz aynan o‘sha mavsumda 100 ochko to‘plashimiz va qariyb 120 ta gol urishimizga yordam bergan.
Ushbu mavsumda ham ko‘p ochko to‘plashni va ko‘plab gollar urishni istayman. Mening farqim shundaki, qaysarlik qilmayman. Ko‘rganlarim, eshitganlarim va muhokama qilganlarimdan xulosa chiqarishga, o‘rganishga tayyorman. Ba’zan shunchaki tinglash yetarli emas — futbolchilar qancha kuch sarflayotganini chin dildan his qilish ham kerak.
Men bosiq insonman va xotirjamlikni saqlayman. Jamoamni ham aynan shunday ko‘rishni istayman», — dedi portugaliyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Mourinio 1996–2000-yillarda «Barselona»da Bobbi Robson va keyinchalik Lui van Gal murabbiylar shtabida yordamchi sifatida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik mutaxassis «Real»ni 2010–2013-yillarda boshqargan. Uning qo‘l ostida madridliklar 2011/12-yilgi mavsumda 100 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan.