«Aston Villa»dan «Chelsi»ga o‘tgan Morgan Rojers London klubidagi faoliyati haqida fikr bildirdi. 24 yoshli hujumchi yangi jamoasida o‘zini yaxshi his qilayotganini va yetakchilardan biriga aylanishni istashini ta’kidladi.
«Bu klubdagi hamma narsa menga yoqmoqda. Bu men uchun yangi chaqiriq. Eng muhimi, jamoamiz ahil va birdam bo‘lishi. Men yetakchi bo‘lishni va o‘zim eng yaxshi uddalaydigan ishni bajarishni istayman. Mavsumni juda yaxshi boshladim, endi shu sur’atda davom etishim kerak», — deya Rojersning so‘zlarini insayder Fabritsio Romano ijtimoiy tarmoqlarida keltirdi.
Ma’lumot uchun, Rojersning transferi «Chelsi»ga 138 million yevroga tushgan. Futbolchi London klubi bilan 2033-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, Morgan Rojers ushbu mavsumda APL doirasida to‘qqizta bahsda maydonga tushib, beshta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.