Live
3
O'zbek

De Zerbi: «Ular xuddi yirtqichlardek to‘pga tashlanishdi»

Futbol
1 noyabr, 01:05
«Tottenhem» bosh murabbiyi «Kristal Pelas» ustidan qozonilgan g‘alaba haqida fikr bildirdi.
De Zerbi: «Ular xuddi yirtqichlardek to‘pga tashlanishdi»
Foto: Getty Images
31.10.2026 FT Angliya Premer-ligasi Tottenhem Tottenhem 2 : 0 Kristal Pelas Kristal Pelas

«Tottenhem» bosh murabbiyi Roberto de Zerbi APLning 9-turida «Kristal Pelas» ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Raqib uchrashuvning katta qismini kamchilikda o‘tkazganiga qaramay, bu og‘ir o‘yin bo‘ldi. «Kristal Pelas»ning himoyalanish uslubi juda murakkab — nafaqat biz, balki har qanday jamoa uchun ham.

Hozir o‘yin tamoyillarimiz va futbol sifatini yaxshilash ustida faol ishlayapmiz. Maydonda bo‘shliqlar kam bo‘lgan sharoitda harakat qilish doimo qiyin.

To‘pni bunday tezlikda uzatish oson emas, ammo yigitlar a’lo darajada o‘ynashdi. Ular yetuklik, diqqat-e’tibor va maydonda nima qilish kerakligini aniq tushunishlarini namoyon etishdi. Ko‘proq gol urishimiz mumkin edi, ammo umuman olganda, bu ajoyib o‘yin bo‘ldi.

Futbolchilarimiz bugun eng yaxshi namoyish etgan jihat — to‘pni yo‘qotgandan keyingi reaksiyasi bo‘ldi. Ular xuddi yirtqichlardek to‘p uchun kurashga tashlanishdi. Bu juda muhim edi.

Raqib maydonida o‘yinni nazorat qildik — bunda son jihatdan ustunligimiz ham katta ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, o‘tish fazalaridagi ajoyib harakatlarimizni ham alohida ta’kidlash lozim.

Bugun jamoa o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsatib, haqiqiy yetuklikni namoyish etdi. Futbolchilar to‘p bilan qanday muomala qilish kerakligini bilishdi.

Asossiz tavakkal qilmaslik va raqibning qarshi hujumlariga yo‘l qo‘ymaslik: hatto bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynayotganimizda ham bu jihatlarga e’tibor qaratdik», — deya de Zerbinning so‘zlarini keltiradi «Tottenhem» klubining rasmiy sayti.

Qayd etish lozim, «Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filipp Mateta 13-daqiqada maydondan chetlatilganidan so‘ng jamoa uchrashuvning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazdi.

Ma’lumot o‘rnida, «taqachilar» ayni vaqtda APL turnir jadvalida 12 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Angliya Premer-ligasi Angliya Premer-ligasi
Bugungi yangiliklar