Hayme Mungiya kecha, 31-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Riyod shahrida boʻlib oʻtgan jangda Nikita Zonni hakamlarning yakdil qarori bilan magʻlub etib, WBA kamarini saqlab qoldi.
Uch hakam ham gʻalabani meksikalik bokschiga berdi — 116:112, 117:111 va 117:111. Jangdan keyin DAZN PPV efirida oʻtkazilgan intervyuda Mungiya oʻz ishtirokini 10 ballik tizimda 6–7 ballga baholadi. Shuningdek, u keyingi jangi Bektemir Meliqoʻziyevga qarshi boʻlishini maʼlum qildi.
«Koʻramiz, menimcha, Meliqoʻziyev, keyingi raqibim sen boʻlasan, doʻstim», — dedi meksikalik bokschi.
Eslatib oʻtamiz, WBA avvalroq Mungiyaga Nikita Zonnga qarshi titul himoyasini oʻtkazish uchun maxsus ruxsat bergan edi. Ushbu kelishuvga koʻra, Meliqoʻziyev majburiy daʼvogar maqomini saqlab qoldi va meksikalik bokschining keyingi raqibi boʻlishi kerak.
Hozircha ikki bokschi oʻrtasidagi jangning aniq sanasi va oʻtkazilish joyi maʼlum qilinmagan.