Bugun
10
O'zbek

Keyn: «Angliya fantastik futbol namoyish etdi»

Futbol
7 oktabr, 04:00
Hujumchi Chexiyaga qarshi bahsdagi yirik g‘alabadan so‘ng milliy jamoaning o‘yini haqida fikr bildirdi.
Keyn: «Angliya fantastik futbol namoyish etdi»
Foto: Getty Images
06.10.2026 FT UEFA Millatlar ligasi. A liga Angliya Angliya 3 : 0 Chexiya Chexiya

Angliya milliy jamoasi hujumchisi Harri Keyn Millatlar ligasi 4-turida Chexiyaga qarshi kechgan bahsdagi 3:0 hisobidagi g‘alaba haqida gapirdi. «Uembli» stadionida o‘tgan bahsda milliy jamoa sardori dubl qayd etdi.

«Ha, bu men uchun ham, butun jamoa uchun ham ideal oqshom bo‘ldi. Yig‘in oson kechmadi va uni «Uembli»da yakunlash yoqimli bo‘ldi. Albatta, bunday oqshom bilan faxrlanish mumkin.

Bugun Angliya milliy jamoasi fantastik futbol namoyish etdi. Hujumchi sifatida har doim shunday imkoniyatlarni kutasiz», — dedi Keyn.

33 yoshli futbolchi milliy jamoaning so‘nggi to‘rt bahsdagi o‘yiniga ham baho berdi. Uning fikricha, jamoa Ispaniyaga qarshi bahsdagi mag‘lubiyatdan keyin asta-sekin o‘z o‘yinini topgan.

«Hammasi ilk bahsdan boshlandi. Natija — Ispaniyaga qarshi 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat — biz xohlagandek bo‘lmadi. Ammo shundan keyin tobora yaxshilandik. Yirik turnirdan so‘ng yana ritmga qaytish har doim oson emas, ammo biz o‘z o‘yinimizni topa oldik. Eng muhimi ham shu», — dedi Angliya milliy jamoasi sardori.

Keyn tarkibdagi raqobat haqida ham fikr bildirdi. U Angliya milliy jamoasida asosiy tarkib uchun kurash doimo yuqori bo‘lishini ta’kidladi.

«Bu Angliya milliy jamoasi. Tarkibdagi o‘rin uchun raqobat har doim bo‘ladi. Muhimi, berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish. Har bir futbolchi jamoaning bir qismi bo‘lishni xohlaydi va bu, shubhasiz, bizni yanada kuchli qiladi», — deya Keyn so‘zlarini keltiradi ITV.

Ma’lumot uchun, Keyn Chexiyaga qarshi bahsda ikkita gol urib, Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar sifatidagi natijasini yaxshiladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Angliya Angliya
  • Chexiya Chexiya
  • UEFA Millatlar ligasi. A liga UEFA Millatlar ligasi. A liga
Bugungi yangiliklar