Ispaniyalik fizioterapevt Anxel Vilyanueva Fransiya milliy jamoasi va Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappening Turkiyaga qarshi bahsda olgan jarohati haqida fikr bildirdi.
Fransiya 25-sentabr kuni Millatlar ligasi bahsida Turkiyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi. G‘alaba golini 54-daqiqada Mbappe kiritdi. Biroq hujumchi bahs davomida jarohat olib, uning holati xavotir uyg‘otdi.
Vilyanuevaning ta’kidlashicha, tasvirlarga qaraganda, Mbappeda og‘riq chap tizzaning orqa-yon qismida kuzatilgan. Mutaxassisning fikricha, eng ehtimoliy variant sonning ikki boshli mushagi pastki qismidagi cho‘zilish yoki mikrojarohat bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tashqi menisk shikastlanishi ham ehtimol sifatida qayd etilgan.
«Real» hujumchisining tiklanish muddati jarohat darajasiga qarab farq qilishi mumkin. Yengil holatda futbolchi ikki-uch hafta, o‘rtacha jarohatda to‘rt-olti hafta, og‘ir holatda esa olti-sakkiz hafta safdan chiqishi mumkin.
Vilyanueva eng murakkab holatda, ya’ni jiddiy uzilish yuz bergan taqdirda, tiklanish 10-12 haftagacha cho‘zilishi mumkinligini yozdi. Uning qayd etishicha, bunday turdagi jarohatlardan keyingi tiklanish odatda uch haftadan sakkiz haftagacha davom etadi.
Mutaxassis bu fikrlarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirdi. Yakuniy tashxis va Mbappening maydonga qaytish muddati esa tibbiy tekshiruvlardan so‘ng aniqlanadi.