JCh-2026 finali oldidan Ispaniya milliy jamoasining shanba kungi so‘nggi mashg‘uloti noqulay ob-havo sabab kechiktirildi. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Nyu-Jersi shtatining Uippani shahrida momaqaldiroq kuzatilgani va chaqmoq chaqishi xavfi tufayli mashg‘ulot o‘z vaqtida boshlanmagan. Turnir xavfsizlik protokoliga ko‘ra, agar stadiondan 8 mil (taxminan 13 km) radiusda chaqmoq aniqlansa, barcha mashg‘ulotlar vaqtincha to‘xtatiladi.
Dastlab mahalliy vaqt bilan soat 11:00 ga rejalashtirilgan mashg‘ulot 11:30 ga qoldirildi. Ob-havo yaxshilanmasa, uning yana ortga surilishi ham mumkin.
Shunga o‘xshash vaziyat Argentina milliy jamoasi mashg‘ulotiga ham ta'sir qilishi mumkin. Amaldagi jahon chempionlarining mashg‘uloti Ispaniya bazasidan qariyb 8 kilometr uzoqlikdagi Morristaun shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
So‘nggi kunlarda Nyu-Jersi va Nyu-York hududlarida kuchli issiq, Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari oqibatidagi tutun, shuningdek, suv toshqini va tornado xavfi kuzatilmoqda. Biroq sinoptiklar final bahsiga qadar yog‘ingarchilik tutunni tarqatib yuborishini kutishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 finalida Ispaniya va Argentina milliy jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Bahs 19 iyul kuni AQShning «MetLife» stadionida bo‘lib o‘tadi. Ispaniya turnir davomida hali mag‘lub bo‘lgani yo‘q, Argentina esa 2022 yilda qo‘lga kiritgan jahon chempionligi unvonini himoya qilmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi