«Barselona» bosh murabbiyi Hansi Flik Ispaniya chempionatining 13-turida «Vilyarreal» (3:2) ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«G‘alabadan juda xursandman. Ayniqsa, raqib hisobda oldinga chiqib olganidan keyin g‘alaba qozonganimiz quvonarli. Birinchi golni o‘zimizning aniq xatomiz tufayli o‘tkazib yubordik. Birinchi bo‘limdayoq gol urish uchun imkoniyatlarimiz bo‘lgandi. Ikkinchi taymda esa ancha yaxshiroq o‘ynadik va jamoaviy harakatlarimizni tartibga soldik. O‘ylaymanki, bu g‘alabaga munosib edik.
Ferminning nima sababdan maydondan chetlatilganini tushunmadim. Bu haqda hakamlardan ham so‘radim va aynan shu uchun sariq kartochka oldim. Bir narsani aniq bilaman: to‘rtinchi hakam butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘imiz tomonga qarab turdi. Men maydonda hakamlarga yordam berishga harakat qilaman. Nima sodir bo‘lganini va unga nima deyishganini bilmayman. Bu haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishim kerak.
Umuman olganda, hakamlarning ishidan mamnunman. Ammo bu hakam bilan bog‘liq muammolarimiz doim takrorlanadi — hammasi yana o‘sha-o‘sha. Agar vaziyat shunday davom etsa, bizda faqat yaxshiroq o‘ynab, g‘alaba qozonishdan boshqa chora qolmaydi. Ikkinchi bo‘limda aynan shunday qildik», — deya Flikning so‘zlarini keltiradi Marca nashri.