«Barselona» Niderlandiyaning «Tvente» klubi himoyachisi Rud Neystadni o‘z safiga qo‘shib olish uchun muzokaralarni qayta boshladi. Bu haqda Diario Sport nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kataloniyaliklar 18 yoshli futbolchini qishki transfer oynasida xarid qilishni rejalashtirmoqda.
Bungacha «Tvente»da qolishni afzal ko‘rgan Neystad «Barselona» loyihasi bilan tanishganidan keyin transferga nisbatan fikrini o‘zgartirgan. Endi u Kataloniya klubiga o‘tish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.
Biroq muzokaralarda moliyaviy kelishmovchiliklar mavjud. «Tvente» yosh himoyachisini 20 million yevrodan yuqori baholamoqda.
«Barselona» rahbariyati esa futbolchining yoshi va yuqori darajadagi tajribasi kamligini hisobga olib, bunday mablag‘ sarflashni tavakkalchilik deb hisoblamoqda.
Bundan tashqari, Niderlandiya klubi Neystadni qishda sotishga faqat mavsum oxirigacha ijara asosida jamoada qolish sharti bilan rozi bo‘lishi mumkin. «Barselona» esa himoyachini yanvar oyidayoq o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda.
Shuningdek, Neystadga Angliyaning «Chelsi», «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Shunga qaramay, futbolchining o‘zi «Barselona» variantini ustun qo‘ymoqda. Uni kataloniyaliklarning o‘yin falsafasi hamda yosh futbolchilarga asosiy jamoada imkoniyat berishi o‘ziga jalb qilmoqda.