Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente jahon chempionati 1-turida Kabo-Verdega qarshi bahs oldidan fikr bildirdi.
Uning aytishicha, jamoaning mundial favoritlaridan biri sifatida ko'rilayotgani katta ahamiyatga ega emas.
«Favorit bo'lish nimani anglatadi? Bu faqat siz erishgan natijalar va tarixingizga berilgan bahodir. Atrofdagilar sizni da'vogar sifatida tanlaydi. Lekin g'olib bir jamoa bo'ladi.
Chempion hatto favorit sanalmagan jamoa ham bo'lishi mumkin. Men buni futbolchilarimning mehnati va yutuqlariga berilgan e'tirof sifatida qadrlayman.
Favorit maqomi hech narsani kafolatlamaydi. Biz turnirga katta kamtarlik bilan yondashyapmiz. Har bir o'yinda g'alaba qozonish qiyinligini yaxshi bilamiz» — deya de la Fuëntening so'zlaridan keltiradi FIFA rasmiy sayti.
Eslatib o'tamiz, Ispaniya milliy jamoasi bugun jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini o'tkazadi.