Live
6
O'zbek

Buffon: «A Seriya endi Yevropadagi beshinchi liga bo‘lishi mumkin»

Futbol
2 avgust, 07:51
Afsonaviy darvozabon Italiya futboli bosim ostida qolayotganini va yosh futbolchilarga imkon berilmayotganini ta’kidladi
Buffon: «A Seriya endi Yevropadagi beshinchi liga bo‘lishi mumkin»
Foto: Getty Images

Italiya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Janluiji Buffon A Seriyaning bugungi holati va Italiya futbolidagi muammolar haqida fikr bildirdi.

«Ilgari A Seriya Yevropa futboli uchun mezon edi, unda eng katta yulduzlar o‘ynardi. Hozir esa, ehtimol, biz Yevropadagi beshinchi ligamiz. Ammo bosim o‘sha-o‘sha. Murabbiylar har yakshanba ishidan ayrilish xavfi ostida qoladi, muxlislar esa xatolarni kechirmaydi», — dedi Buffon.

Uning fikricha, A Seriya bugungi kunda ko‘proq futbolchilar rivojlanadigan o‘tish ligasiga aylangan.

«Biz yirik klublar futbolchilarini rivojlantirish uchun keladigan tranzit chempionatga aylandik. Ammo shunga qaramay, o‘zimizning yosh futbolchilarga ham joy topilmayapti», — deya qo‘shimcha qildi u.

Buffon Italiya futbolchilarining saviyasi pasaymaganini, muammo futbolning o‘zgarganiga moslasha olmaslikda ekanini ta’kidladi.

«Biz kuchli futbolchilarga egamiz. Ularning ko‘pi Premyer-ligada ham muvaffaqiyatli o‘ynamoqda. Shunchaki, futbol so‘nggi 20 yilda qanchalik o‘zgarganini tan olishni istamayapmiz», — dedi sobiq darvozabon.

Shuningdek, u bugungi futbolda kuchsiz raqib qolmaganini misollar bilan izohladi.

«Bugun Bosniyaga yutqazishingiz mumkin. Germaniya Ekvador yoki Paragvayga mag‘lub bo‘lishi, Ispaniya esa Kabo-Verde bilan durang o‘ynashi mumkin. Endi faqat tarix bilan yashab bo‘lmaydi», — dedi Buffon.

U Norvegiya milliy jamoasini ham Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri deb baholadi.

«Hozir Norvegiya Ispaniya, Fransiya va Angliyadan keyingi darajadagi jamoa. Osloda ularga yirik hisobda yutqazdik. Ularga qarshi maydonga tushganingda, go‘yoki o‘yin 0:1,5 hisobidan boshlanadi. Ijobiy natija uchun kamida ikkita gol urishing kerak», — dedi u.

Yakunda Buffon Italiya milliy jamoasining asosiy muammosi ruhiy bosim ekanini aytdi.

«Yangi bosh murabbiy futbolchilarga o‘ziga bo‘lgan ishonchni va ishtiyoqni qaytarishi, natijaga erishish mumkinligiga ularni ishontirishi kerak», — deya xulosa qildi afsonaviy darvozabon.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Italiya Italiya
  • Italiya A seriyasi Italiya A seriyasi
Bugungi yangiliklar