Live
5
O'zbek

Zidan boshchiligidagi Fransiyaning o‘z uyidagi ilk o‘yini uchun barcha chiptalar to‘liq sotib bo‘lindi

Futbol
2 avgust, 09:35
80 mingta chiptaning barchasi taxminan bir sutka ichida sotildi.
Zidan boshchiligidagi Fransiyaning o‘z uyidagi ilk o‘yini uchun barcha chiptalar to‘liq sotib bo‘lindi
Foto: Sports.ru

Zinedin Zidan bosh murabbiyligidagi Fransiya milliy jamoasining o‘z uyidagi ilk o‘yini uchun barcha chiptalar to‘liq sotib bo‘lindi. Bu haqda RMC Sport xabar berdi.

Fransiyaliklar 2 oktabr kuni Millatlar Ligasi doirasida Italiyani o‘z maydonida qabul qiladi. Qayd etilishicha, «Stad de Frans»dagi o‘yin uchun barcha 80 mingta chipta ochiq savdoga chiqarilganidan keyin taxminan bir sutka ichida sotib bo‘lindi.

Chiptalarning keng omma uchun savdosi 31 iyul kuni soat 14:00 da boshlandi. Fransiya muxlislari assotsiatsiyasi Bleus & Fiers prezidenti Jan-Batist Montarniening so‘zlariga ko‘ra, Italiyaga qarshi o‘yinga bo‘lgan talab odatdagidan taxminan uch barobar yuqori bo‘lgan.

«Albatta, Zidan effekti bor. Odamlar stadionga kelib, Fransiya futboli afsonasi bo‘lgan yangi murabbiyni ko‘rishni istashmoqda», — dedi Montarnie.

Ma'lumot o‘rnida, Zidan 28 iyul kuni Didie Desham o‘rniga Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning qo‘l ostidagi ilk uchrashuvni jamoa 25 sentabr kuni safarda Turkiyaga qarshi o‘tkazadi. Shundan so‘ng fransiyaliklar safarda Belgiya bilan o‘ynaydi, keyin esa Italiya va yana belgiyaliklarni «Stad de Frans»da qabul qiladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Fransiya Fransiya
  • Italiya Italiya
Bugungi yangiliklar