Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan Millatlar ligasi guruh bosqichining 6-turi doirasida Turkiyaga qarshi bahs oldidan Italiyadan uchralgan 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin vahimaga tushmaslik kerakligini ta’kidladi. RMC Sport murabbiy so‘zlarini keltirmoqda.
«Menimcha, bu futbolchilar bunday bahslarda qatnashishga odatlangan. Mening ularga doimiy murojaatim bir xil: nima bo‘lishidan qat’i nazar — yaxshi yoki unchalik yaxshi bo‘lmagan vaziyatlarda ham — ijobiy kayfiyatni saqlash kerak. Faoliyat davomida qiyin davrlar, mag‘lubiyatlar ham bo‘lishi muqarrar.
Bular yosh futbolchilar, ular bunday vaziyatlarni boshdan kechirishi kerak. Men vahimaga tushmayman va tushmoqchi ham emasman. Ular katta klublarda o‘ynab, shunga o‘xshash holatlarga duch kelishga odatlangan. Italiya bilan bahsdan uch kun o‘tib yana bir o‘yin borligi yaxshi — bu hammasini o‘zgartirish imkoniyati. Futbolning go‘zalligi ham shunda: boshqa narsaga qodir ekanimizni isbotlashimiz mumkin.
Kilian Mbappeni, sardorimizni yana ko‘rib turganimdan xursandman. U odatdagi tartibda mashg‘ulot o‘tkazadi, hammasi joyida», — dedi Zidan.
Ma’lumot uchun, Fransiya milliy jamoasi guruhda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Chorakfinalga chiqish uchun jamoaga Turkiyaga qarshi bahsda mag‘lub bo‘lmaslik kifoya.
Fransiya va Turkiya o‘rtasidagi bellashuv 15-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 00:45 da boshlanadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi