Bugun
28
O'zbek

Vozinya: «Messi va Argentinaga qarshi o‘ynash har bir futbolchining orzusi»

Futbol
27 iyun, 15:03
Kabo-Verde sardori tarixiy natijadan so‘ng Argentina va Lionel Messiga qarshi bahs haqida fikr bildirdi.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Vozinya: «Messi va Argentinaga qarshi o‘ynash har bir futbolchining orzusi»
Foto: Getty Images
03.07.2026, 18:00 Jahon chempionati (JCH-2026) Argentina Argentina - : - Kabo-Verde Kabo-Verde

Kabo-Verde futbol tarixida ilk bor Jahon chempionatining pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Atlantika okeanidagi orol davlati guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, 1/16 finalda amaldagi chempion Argentina bilan bahs olib boradigan bo‘ldi.

Kabo-Verde H guruhidagi so‘nggi bellashuvda Saudiya Arabistoni bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bahsdan so‘ng futbolchilar Ispaniyaning Urugvay ustidan qozongan g‘alabasini telefon orqali kuzatishdi va aynan shu natija ularni guruhda ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Kabo-Verde guruh bosqichida mag‘lubiyatsiz qatnashib, Ispaniya bilan 0:0, Urugvay bilan esa 2:2 hisobidagi duranglarni qayd etdi.

Jamoaning 40 yoshli darvozaboni va sardori Vozinya tarixiy muvaffaqiyat hamda Lionel Messi boshchiligidagi Argentina bilan bo‘lajak bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlarini GOAL keltirdi.

«Hech birimiz bunday natijani orzu qilmagandik. Ammo biz sifatli futbolchilarga ega ekanimizni bilardik. Jahon chempionatiga kelganimizda ko‘pchilik biz birorta ham bahsda g‘alaba qozona olmaydi deb o‘ylagandi. Keyingi bosqichga chiqqanimizdan juda xursandmiz. Argentina va Lionel Messiga qarshi o‘ynash esa har qanday futbolchi uchun orzudir.

Biz durang uchun maydonga tushmadik, doim g‘alaba qozonishni istadik. Saudiya Arabistoni ham kuchli jamoa. Garchi gol ura olmagan bo‘lsak-da, to‘p nazorati va yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha ustun edik. Shu sabab tabrikka loyiqmiz», — dedi Vozinya.

Shuningdek, tajribali darvozabon ushbu natija Kabo-Verde futboli uchun katta turtki bo‘lishiga ishonishini ta'kidladi.

«Biz kichik davlatmiz, ammo raqobatlasha olishni bilamiz. Ko‘pchilik Kabo-Verde futbolchilari yetarlicha kuchli emas deb o‘ylaydi. Biz esa yirik musobaqalarda ham munosib kurasha olishimizni isbotladik.

Og‘ir sharoitlarda ulg‘ayganmiz, ota-onalarimiz va bobolarimiz bizni mehnatni qadrlashga o‘rgatgan. Endi esa nafaqat futbolchilarni, balki dunyo bo‘ylab yashayotgan barcha Kabo-Verde xalqini namoyon etmoqdamiz. Bizning yuragimiz katta va biz kurashchilarmiz.

Bolalarning bizga havas bilan qarashi so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan tuyg‘u. Umid qilamanki, endi ular Stopira, Rayan Mendesh yoki Kabo-Verde milliy jamoasining boshqa futbolchilari kabi bo‘lishni orzu qilishadi», — deya qo‘shimcha qildi Vozinya.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Argentina Argentina
  • Kabo-Verde Kabo-Verde
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar