Superliga 25-turida «Surxon» mehmonda «Buxoro» bilan bellashdi. Unda jamoalar 0:0 hisobidagi durangga rozi bo‘lishdi. Bellashuvdan so‘ng termizliklar yarimhimoyachisi Sunnatulla Abdullajonov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
- Avvalo «Buxoro»ga qarshi o‘yindan keyingi taassurotlaringiz qanday?
- Albatta o‘yindan keyin taassurotlarim juda ham zo‘r emas. Chunki «Buxoro» bir kishi kam bo‘lib qolgan edi. G‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Lekin buxoroliklar maydonida ochko olish qiyinligini hamma yaxshi biladi. Ular jiddiy kurashdi. Buni hisobdan ham bilish mumkin.
- Raqib 10 kishi bo‘lib qoldi. Termizliklarga bundan unumli foydalanib, g‘alaba qozonib ketishiga nima yetishmadi?
- Menimcha, qizil kartochkadan keyin bizga biroz sovuqqonlik yetishmadi. O‘yin boshidan o‘zimiz istagan futbolni namoyish etishga qiynaldik. Raqib ham yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. Qolaversa, maydon holati ham bunga ta’sir qildi. Shu jihatlar ham o‘zimiz istagan futbolni namoyish etishga biroz to‘siq bo‘ldi, deb ayta olaman.
- «Surxon» qatorasiga uchta bahsdan beri gol ura olmayapti. Bu tashvishga solmayaptimi?
- Albatta, gol ura olmayotganimiz bizni ko‘proq o‘ylashga majbur qilmoqda. Qolaversa, muhim bo‘lgan ochkoga erisha olmadik. Takror aytaman, ayrim vaziyatlarda biz ustun keldik, tashabbusga ega bo‘ldik. Biroq yakuniy nuqtani qo‘yish vaqtida sovuqqonlik yetishmadi. Shunga qaramay, mashg‘ulotlarda vaziyatlarni yakunlash bo‘yicha ko‘proq ishlayapmiz. Ishonamanki, kelgusi bahslarda bu kamchiliklarni bartaraf etib, gollar urishni boshlaymiz.
- Sizningcha, jamoaning ligada qolish imkoniyati qanday?
- Bu borada bizda ikkilanish yo‘q. Ligada qolishimizga ishonchim komil. Hammasi o‘z qo‘limizda. Qolgan bellashuvlarda kerakli natijalarga erishsak, vazifani uddasidan chiqamiz. Yo‘qotadigan narsamiz qolmagan. Qolgan bahslarda faqat g‘alaba va kerakli natijalar uchun chiqamiz va jamoaning ligada qolishini kafolatlamoqchimiz.
- Keyingi 5 ta turdagi raqiblar haqida fikringiz qanday?
- Taqvimdan kelib chiqsak, qolgan turlar yanada qiyin bo‘lishi aniq. Chunki mavsum yakunlanib borgani sari hammaga ochko juda zarur. Biz esa har bir raqibga qarshi munosib tayyorgarlik ko‘ramiz. Osonlikcha taslim bo‘lmaymiz. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, oxirigacha kurashamiz.
- Umuman olganda, «Surxon»ning ko‘rsatayotgan o‘yinlari sizda qanday taassurot qoldirmoqda?
- Aslida biz yomon ishtirok etmayapmiz. Ko‘p o‘yinlarda to‘p nazoratini yaxshi saqlaymiz, tashabbusga ega bo‘lamiz. To‘g‘ri, kamchiliklarimiz bor. Lekin buning ustida ishlayapmiz. Agar xatolarimizdan kerakli xulosa qilsak va o‘z o‘yinimizni tashkil qilib olsak, hozirgi egallab turgan o‘rnimizdan ancha yuqorida bo‘lishimiz aniq.