«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik «Real»ga qarshi «El Klasiko» oldidan raqib jamoa haqida fikr bildirdi.
«Men o‘ziga juda ishongan jamoani ko‘rishni kutyapman. Axir, gap ajoyib futbolchilar va zo‘r murabbiyga ega buyuk klub haqida ketmoqda. Raqibni aynan shunday baholayman.
Ularning tarkibida, ayniqsa, hujum chizig‘ida juda ko‘p mahoratli futbolchilar bor. So‘nggi bahslarda ular o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishdi. «El Klasiko» — alohida ahamiyatga ega bahs. Menimcha, bu futboldagi eng yaxshi o‘yin. Butun dunyo uni kuzatadi. Uch ochko uchun kurashiladi, ammo bu oddiy uch ochkolik bahsdan ancha kattaroq voqea.
Bunday voqeaning bir qismi bo‘lish juda yoqimli. Jamoamdagi barcha futbolchilar qanday o‘ynashni istayotganimizni biladi. Biz tayyormiz va o‘zimizga ishonamiz», — dedi Flik.
Ma’lumot uchun, «El Klasiko» Ispaniya futbolidagi eng katta raqobatlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» — «Real» bahsi 25-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 26-oktyabrga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.