«Real» klubiga tegishli Real Madrid TV telekanali «Barselona» bilan o‘yinlardagi hakamlikni tanqid qildi. Kanal vakillari 2000-yildan buyon «El Klasiko»larda qayd etilgan chetlatishlar, bekor qilingan gollar va belgilanmagan penaltilarni misol qilib keltirdi.
«2000-yildan beri «El Klasiko»larda «Barselona»ning 12 nafar, «Real»ning esa 23 nafar futbolchisi maydondan chetlatilgan. Bu deyarli ikki baravar farq va ko‘plab vaziyatlarni qayta ko‘rib chiqsak, g‘ayritabiiy holat. Buskets, Gavi va de Yong qizil kartochka olishi kerak bo‘lgan vaziyatlar ham bo‘lgan.
«Barselona»ning to‘rtta goli, «Real»ning esa 20 ta goli bekor qilingan. Bizning gollarimiz nohaq bekor qilingan, raqibnikilar esa nohaq hisobga olingan. Bu — mojaro. Ularga ofsayd va qoidabuzarlikdan keyin urilgan gollar ham hisoblangan.
Bizning foydamizga ko‘plab penaltilar belgilanmagan. Raqib foydasiga esa hatto simulyatsiyalar uchun ham penalti belgilanadi. «El Klasiko»lardagi hakamlik bilan bog‘liq g‘ayritabiiy holatlar doimo bir tomonga og‘adi», — deyiladi Real Madrid TV efiridagi chiqishda.
Telekanal vakillari, shuningdek, «Barselona» futbolchilarining hakamlar bilan aloqalari haqida keskin fikrlar bildirgan.
Ma’lumot uchun, keltirilgan raqamlar va ayblovlar Real Madrid TV vakillarining bayonotiga asoslangan. Ular mustaqil ravishda tasdiqlangan xulosalar sifatida taqdim etilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi navbatdagi «El Klasiko» 25-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.