Live
13
O'zbek

Infantino iste’foga chaqiriqlarga javob berdi: «Meni Afrika federatsiyalari va OFK qo‘llab-quvvatladi»

Futbol
24 oktabr, 07:45
FIFA prezidenti yana tashkilotda qolmoqchi.
Infantino iste’foga chaqiriqlarga javob berdi: «Meni Afrika federatsiyalari va OFK qo‘llab-quvvatladi»
Foto: Getty Images

FIFA prezidenti Janni Infantino FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi atrofidagi mojaro ortidan iste’foga chaqiriqlarga munosabat bildirdi. Avvalroq UEFA prezidenti Aleksander Cheferin va KONKAKAF rahbari Viktor Montalyani uni lavozimidan ketishga chaqirgan edi.

«Meni butun dunyodagi 211 ta milliy assotsiatsiya saylagan. FIFA kabi tashkilotda turli fikrlar va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Ammo demokratiya va demokratik jarayonga jiddiy qarasak, butun dunyodagi har bir inson teng ovoz huquqiga ega va futbol hammaga tegishli deb hisoblasak, mutlaq ko‘pchilikning fikrini hurmat qilishimiz kerak.

Yaqinda Tokiodan qaytdim, u yerda Osiyo futbol konfederatsiyasi meni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Kabo-Verdega borganimda esa Afrika futbol konfederatsiyasiga a’zo barcha mamlakatlar meni qo‘lladi. Men butun dunyodagi assotsiatsiyalar bilan muloqot qilib turaman.

Jahon chempionati, uning formati, ishtirokchilar soni, kvotalar taqsimoti, taqvim va tijoriy masalalar bo‘yicha turli fikrlar mavjud. Barchani birlashtirish doim ham oson emas, ammo har xil qarashlarni hurmat qilishimiz kerak. Men ham ularni hurmat qilaman. Yakunda FIFAga a’zo milliy assotsiatsiyalar prezident sifatida kimni ko‘rishni va tashkilot qanday boshqarilishini o‘zlari hal qiladi», — dedi Infantino.

Ma’lumot uchun, vaziyatning e’tiborli jihati shundaki, Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Halifa avgust oyida Cheferin va Montalyani bilan birgalikda Infantinoning iste’fosini talab qilgan maktubni imzolagan edi. Oradan ikki oy o‘tib, OFK uning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA Forward Enterprise loyihasi atrofidagi mojaro tashkilot o‘z turnirlaridagi, jumladan, jahon chempionatidagi ulushlarni xususiy investorlarga sotishni rejalashtirgani haqidagi xabarlar ortidan boshlangan. Keyinchalik loyihadan voz kechilgan. FIFA prezidentligiga navbatdagi saylovlar 2027-yil mart oyiga belgilangan.

Bugungi yangiliklar