«An Nasr» juma kuni «Al Faysali»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Krishtianu Ronaldu ikkinchi bo‘lim boshida standart vaziyatdan so‘ng gol urdi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu gol muhokamalarga sabab bo‘ldi: ayrim muxlislar to‘p himoyachidan qaytganini ta’kidlab, gol portugaliyalik futbolchi hisobiga yozilmasligi kerakligini aytmoqda.
Sofascore statistik portalida mazkur vaziyat «Al Faysali» himoyachisining avtogoli sifatida qayd etilgan. Saudiya Arabistoni OAVlarida esa hakam yakuniy bayonnomada golni Ronaldu hisobiga yozgani va shu sababli uni portugaliyalik hujumchiga tegishli deb hisoblash kerakligi haqida xabarlar tarqalgan.
Ma’lumot uchun, MessivsRonaldo.app portalida Ronaldu hisobida hozircha 982 ta emas, 981 ta gol ko‘rsatilgan. Bu ma’lumotlar hali yangilanmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bahs «An Nasr»ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ronalduning goli rasman kimning hisobiga yozilgani borasidagi masala esa turli manbalarda turlicha aks etmoqda.