Slovakiyalik muxlis Frantishek Favrikning aytishicha, u 18 yoshli o‘g‘li bilan «Barselona» va «Real» o‘rtasidagi o‘yinda Kilian Mbappening golini nishonlaganidan so‘ng «Kamp Nou» stadionidan chiqarib yuborilgan.
Favrik bu voqea haqida Marca gazetasiga gapirib berdi. U o‘g‘lining 18 yoshga to‘lishi munosabati bilan unga sovg‘a qilishni va uni hayotida birinchi marta «El Klassiko»ga olib borishni istagan. Oila Slovakiyaning Preshov shahridan yo‘lga chiqqan: dastlab mashinada Budapeshtgacha taxminan 300 kilometr yo‘l bosishgan, so‘ng samolyotda Barselonaga uchib borishgan.
Muxlisning so‘zlariga ko‘ra, u Slovakiyadagi bir agentlik orqali birinchi toifadagi to‘rtta chiptani 5600 yevroga sotib olgan. Har bir chiptaning narxi 1400 yevroni tashkil etgan. Favrik va uning o‘g‘li bilan birga erkakning do‘sti hamda do‘stining o‘g‘li ham o‘yinga borgan.
Favrikning ta’kidlashicha, stadionga kirish paytida xavfsizlik xizmati xodimlari ularni «Real» futbolkalarida stadionga kirish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan. Uning aytishicha, undan «Santyago Bernabeu» stadionida sotib olgan futbolkasini tashlab yuborish so‘ralgan, ammo u bunga rozi bo‘lmagan. Oxir-oqibat ota va o‘g‘il futbolkalarini yechib, stadionga kirishgan va o‘yin boshlanishiga taxminan 20 daqiqa qolganida o‘z joylarida futbolkalarini qayta kiyishgan.
Muxlis ular «Barselona» ishqibozlarini ataylab g‘azablantirishga urinmaganini ta’kidlamoqda. Uning aytishicha, Mbappe 41-daqiqada gol urgan paytga kelib, ular «Real» futbolkalarida qariyb bir soatdan beri o‘tirishgan edi. Goldan keyin ota va o‘g‘il o‘rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlashgan va golni nishonlashgan, so‘ng yana joylariga o‘tirishgan.
Favrikning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin xavfsizlik xizmati xodimlaridan taxminan o‘ntasi ularni tribunadan olib chiqib ketgan. Yo‘l-yo‘lakay boshqa tomoshabinlar ularni hushtakbozlik bilan kuzatib, haqoratli imo-ishoralar ko‘rsatishgan, ammo ota va o‘g‘il javob qaytarishmagan.
Dastlab ularga futbolkalarini yechish sharti bilan tribunaga qaytishga ruxsat berilgani aytilgan. Biroq xavfsizlik xodimlari ratsiya orqali gaplashganidan keyin qaror o‘zgargan. Muxlisga boshqa tomoshabinlar ularni tanib qolgani va ularning xavfsizligini kafolatlash imkoni yo‘qligi tushuntirilgan.
Keyinroq ota va o‘g‘il bilan politsiya xodimlari suhbatlashib, hujjatlarini tekshirishgan. Favrikning ta’kidlashicha, rasmiylashtirilgan hujjatlarda futbolkalarni namoyish qilish va «Barselona» muxlislarini masxara qilish holatlari qayd etilgan. Shuningdek, zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikka undash sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan harakatlar ham tilga olingan.
Erkak bu ayblovlarni rad etmoqda va voqeaga oydinlik kiritish uchun videoyozuvlar hamda guvohlarning ko‘rsatmalarini o‘rganishni so‘ramoqda.
Oxir-oqibat Favrik o‘g‘li bilan taksida jo‘nab ketgan va o‘yinning qolgan qismini telefonida tomosha qilgan.
Erkakning aytishicha, u bepul chiptalar yoki o‘ziga alohida munosabat ko‘rsatilishini talab qilmayapti. Shuningdek, u ikki klub muxlislari o‘rtasidagi adovatni kuchaytirishni ham istamaydi.
Slovakiyadan uzoq yo‘l bosib, klassikoga kelgan «Real» muxlisi «Kamp Nou»dan chiqarib yuborildi
Futbol
28 oktabr, 11:59
Ota va o‘g‘il Mbappening golidan so‘ng stadiondan chiqarib yuborildi.
Foto: Getty Images