Navoiy ning «Qizilqum» jamoasi oxirgi paytlarda o‘z muxlislarini xursand qilmoqda.
Qolaversa, ikkinchi davrada ushbu klub safiga qo‘shilgan hujumchi Otabek Jo‘raqo‘ziyev gol urish borasidagi sermahsulligini ham ko‘rsatmoqda va «Qizilqum»ga foyda keltiryapti.
Tribuna.uz jurnalisti esa Otabekdan intervyu oldi.
- Otabek, «Qizilqum» «Lokomotiv» bilan bahsda 1:1 hisobidagi durang natijani qayd etdi. Avvalo, shu xususida to‘xtalib o‘tsangiz!
- Ha, «Loko» bilan o‘yinda durang qayd etdik. O‘yin qiziqarli kechdi. Menimcha, ikkala jamoa ham durangdan qoniqdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, ushbu klubga qarshi bir ochko ishlab olish «Qizilqum» uchun ijobiymi yoki...
- Jadvaldan kelib chiqsak, hozirda har bir ochko suv va havodek zarur. Turnir jadvalidagi o‘rnimizni yanada yaxshilashimiz kerak. Jamoa kuchli beshtalikka harakat qilyapti. Yuqoridagi klublar bilan ochkolar o‘rtasidagi farq u qadar katta emas. Shu bois har bir uchrashuvda qo‘lga kiritilayotgan ochkolar ijobiy.
- E’tiborli jihati shundaki, «Qizilqum» klubiga o‘tganingizdan keyin sizda sermahsullik kuzatilmoqda va ikkinchi davrada qo‘shilgan futbolchi uchun hozirgacha 5 ta gol muallifiga aylanganingiz, albatta, yaxshi ko‘rsatkich. Buning sababi nimada?
- Ha, ikkinchi davrada «Qizilqum»ga qo‘shildim va hozirgacha 5 ta gol urdim. Albatta, gollar har bir futbolchini xursand qiladi. Gollar urib jamoamga yordam berayotganimdan, foydam tegayotganidan xursandman. Buning sababi, balki to‘g‘ri jamoa tanlaganimdadir. Balki murabbiy tomonidan menga bildirilayotgan ishonchdir.
- So‘nggi paytlarda tez-tez klubingizni o‘zgartirdingiz. Nima deb o‘ylaysiz, «Qizilqum»dagi natijalaringiz misolida endi o‘z jamoamni topdim, deya olasizmi?
- Boya aytib o‘tganimdek, balki to‘g‘ri jamoa tanlagandirman.
- So‘nggi paytlarda jamoaning ham natijalari yaxshilanmoqda. 4 ta o‘yindan beri yutqazgani yo‘q. Bu nima bilan bog‘liq?
- Albatta, biz turdan-turga yaxshi, sifatli o‘yinlar ko‘rsatib kelyapmiz. 4 ta o‘yinda 2 ta g‘alaba va 2 ta durang qayd etdik. Jamoada futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi borgan sari kuchayib boryapti.
- Bosh murabbiy Jamshid Saidov jamoada nimani o‘zgartirdi?
- Bosh murabbiyimiz men klubga qo‘shilganimdan bir oy avval jamoani qabul qilib olgandi. Kelganimda jamoada ichki muhit yaxshi edi. Futbolchilar orasida ham o‘zaro hurmat birinchi o‘rinda. Jamoada ichki muhit yaxshi bo‘lib, barcha bir-biriga ishonsa va qo‘llab-quvvatlasa, o‘yinga ham ta’sir qiladi, ishonch ham beradi, deb o‘ylayman.
- Oldinda yana 5 ta tur bor. Gollaringiz sonini nechta ga yetkazishni mo‘ljallagansiz?
- Oldinda bizni qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. Hozir 7 ta golim mavjud. Qolgan 5 ta uchrashuvning har birida ham qo‘limdan kelganicha yordam berib, vaziyatlarimdan foydalanib, gollarim sonini 10 tadan oshirmoqchiman. Avval ham bir marta 10 tadan ko‘p gol urgandim. Xudo xohlasa, shuni takrorlab, balki undan ham ko‘proq gol urib, o‘z natijamni yaxshilashga muvaffaq bo‘larman.
Otabek Jo‘raqo‘ziyev: «Gollarim sonini 10 tadan oshirmoqchiman»
Eksklyuziv
28 oktabr, 12:27
Tribuna.uz jurnalisti esa Otabekdan intervyu oldi.
Фото: Қизилқум ПФК