Toledo viloyatidagi temiryo‘l halokati sababli Ispaniya kubogining 28-oktabrdagi o‘yinlari qoldirildi.
28-oktabr kuni ertalab Ispaniyaning Toledo viloyatidagi Los-Ebenes va Urda munitsipalitetlari o‘rtasidagi temiryo‘l uchastkasida ikki tezyurar poyezd to‘qnashib ketdi. Hodisa oqibatida poyezdlardan birining ikki vagoni relsdan chiqib ketdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, avariya oqibatida 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, kamida 179 kishi jarohatlangan. To‘qnashgan poyezdlarda jami 544 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) bugun Ispaniya kubogi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha uchrashuvlar boshqa sanalarga ko‘chirilishini ma’lum qildi.
«Chorshanba kuni ertalab Toledo viloyatida sodir bo‘lgan temiryo‘l halokati qurbonlariga hurmat va hamdardlik belgisi sifatida RFEF kunning ikkinchi yarmi va kechqurun o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Ispaniya kubogining birinchi bosqichidagi barcha 24 ta uchrashuvni qoldirdi.
Yaqin kunlarda RFEF turnirning yangilangan taqvimi va qoldirilgan o‘yinlarning aniq o‘tkazilish vaqtlarini e’lon qiladi.
Ispaniya futbol oilasi ushbu fojia munosabati bilan hamdardlik bildirishda davom etmoqda va dahshatli avariyadan jabrlanganlarga yordam berish borasida tegishli idoralar bilan hamkorlik qilishga tayyor», — deyiladi federatsiya bayonotida.
Temiryo‘l halokati sabab Ispaniya kubogidagi bugungi o‘yinlar qoldirildi
Futbol
28 oktabr, 12:18
Toledo viloyatida ikki tezyurar poyezdning to‘qnashib ketishi natijasida 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Foto: Getty Images