Navoiyda bo‘lib o‘tgan «Qizilqum» hamda «Lokomotiv» (1:1) jamoalari o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng mezbonlar murabbiyi Obid Xudoyorov matbuot anjumanida fikrlarini bildirdi va savollarga javob qaytardi.
- O‘yin davomida vaziyatlar ko‘proq bizda bo‘ldi. Raqib to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa-da, gol urish uchun qulay imkoniyatlar bizda ko‘proq bo‘ldi. O‘yin oxiridagi vaziyatdan foydalana olganimizda, g‘alaba qozonishimiz aniq edi. Ammo durang qayd etildi. Biroz sabr qilishimiz, hisobni ushlab qolishimiz kerak edi, lekin buning uddasidan chiqa olmadik. Jo‘raqoziyevda ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi, biroq unga ozgina omad yetishmadi.
Xullas, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Ammo durang qayd etdik. Menimcha, bu ham yomon natija emas. «Lokomotiv» — yaxshi jamoa. Biz ularni mag‘lub etishimiz ham mumkin edi.
- O‘yinga zaxiradan futbolchilar tushirilganidan keyin hujumlar ancha faollashdi. Nega almashtirishlar kech amalga oshirildi?
- Yo‘q, jarohatlar tufayli majburiy o‘zgarishlar qilishimizga to‘g‘ri keldi. Ikkita almashtirishni amalga oshirdik. Futbolchilar charchab qolishgandi, shu sababli kerakli darajada o‘yinga yopisha olmadik.
Bizda yana bitta almashtirish imkoniyati qolgandi, ya’ni uch nafar futbolchini almashtirishimiz mumkin edi. Ammo charchoq sababli yana futbolchilarni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik.
Zaxiradan maydonga tushganlar hujumlarimizni kuchaytirishdi. Turopov ham yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi, lekin undan foydalana olmadi. O‘yin sur’atiga to‘liq moslasha olmadi, shuning uchun shunday holat yuzaga keldi.
- Hujumlarda to‘p uzatishlar va ikkinchi qavatdagi kurashlarda hujumchilar to‘pni kamdan-kam holatlarda yutib olishyapti. Bu holatga qanday qaraysiz?
- Hozir o‘yinni tahlil qilyapmiz, kamchiliklarimizni o‘rganyapmiz. Jo‘raqoziyev barcha to‘plar uchun kurashda mag‘lub bo‘ldi, deb ayta olmaymiz. U imkoni boricha to‘pni saqlab qolishga harakat qilyapti. Bu yerda raqib jamoasini ham hisobga olish kerak. Ularda ham bo‘yi baland, gavdali ikki nafar futbolchi bor. Ular ikkita bo‘lib kurashga kirishishyapti va o‘yinni yaxshi o‘qishyapti.
Shunday bo‘lsa-da, raqibda aytarli darajada xavfli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Bizda esa Jo‘raqoziyevda yaxshi imkoniyat bo‘ldi. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, u gol ura olmadi. Rahmatullayev esa yaxshi uzatma amalga oshirdi.
Nima ham derdik, bugun shunday bo‘lishi kerak ekan. Biz ham g‘alaba qozonishni xohlagandik. Har bir jamoa maydonga yutish uchun tushadi. Ammo bizdagi vaziyatlardan biri gol bilan yakunlanmadi. Hayot shunday, futbol ham hayotning bir qismi. Futbolchilar maydonda bor kuchlari bilan harakat qilishadi», - deya Xudoyorovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.