Rossiyalik taniqli mutaxassis Gaji Gadjiev Oʻzbekistonning «Gʻazalkent» klubi tizimiga kirdi. Bu haqda Eurasia Football xabar bermoqda.
Manba maʼlumotlariga koʻra, tomonlar kelasi mavsum uchun hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishgan. 80 yoshli murabbiy allaqachon «Gʻazalkent»dagi ishini boshlagan. Hozirda u jamoa tuzilmasi, mashgʻulotlar jarayoni hamda futbolchilarni tayyorlash tizimi bilan tanishmoqda.
2027-yilgi mavsumdan boshlab Gadjievning klubdagi faoliyati toʻliq shaklda yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda.
Mutaxassisning asosiy vazifalaridan biri yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini rivojlantirishdan iborat boʻladi. Shuningdek, u «Gʻazalkent» murabbiylari bilan ishlashi va ularning malakasini oshirishga ham hissa qoʻshishi kerak.
Eslatib oʻtamiz, Zayniddin Tojiyev boshqaruvidagi jamoa Pro ligada ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston kubogida chorak finalgacha yetib kelib, «Navbahor»ga yutqazib, turnirdagi ishtirokini yakunlagandi.