Superliganing 16-turida "Xorazm" klubi oʻz uyida autsayder "Mash'al"ni qabul qildi va 2:0 hisobida gʻalabani qoʻlga kiritdi. Mezbonlar ustozi Sergey Tokov oʻyin yakunlangach, fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
- Gʻalaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuv haqida fikrlaringiz?
- Albatta, oʻyin ancha shiddatli va keskin ruhda oʻtdi. Uchrashuvni biroz hayajon bilan boshladik. Butun hafta davomida ham mashgʻulotlar yuqori bosim ostida oʻtdi. Bugun esa muxlislarimiz uchun munosib oʻyin koʻrsatishga harakat qildik.
Menimcha, gʻalabamizga toʻliq munosib boʻldik. Yana bir nechta gol urish imkoniyatiga ham ega edik. Raqib ham qarshilik koʻrsatdi, ammo umumiy hisobda biz yaxshiroq oʻyin namoyish etdik.
Fursatdan foydalanib, viloyatimiz aholisi va barcha muxlislarga jamoani qoʻllab-quvvatlayotganlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu biz uchun juda muhim. Bugun barcha biz bilan birga edi.
- Keyingi oʻyin uchun qanday rejalaringiz bor?
- Keyingi uchrashuvga asosan Toshkentda tayyorgarlik koʻramiz. Chunki raqib mashgʻulot maydonida oʻynaydi, shuning uchun biz ham shunday sharoitda tayyorgarlik olib borishimiz kerak. Albatta, raqibning oʻyinini ham sinchiklab oʻrganamiz. Ular ancha yangilangan jamoa, tarkibiga toʻrt-besh nafar legioner qoʻshilgan. Juda yaxshi va tashkilotlangan jamoa. Bundan avval ular ketma-ket uch-toʻrtta gʻalabaga erishib, yaxshi kayfiyat va ishonch toʻplashgan. Biz esa u yerga ochko olish uchun boramiz. Oldingi safar ham ularni magʻlub etishimizga oz qolgandi. Bu safar ham ochko bilan qaytish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
- Aleksandr Yezhov maydonga qaytdi. Sogʻligi qanday, toʻliq tiklandimi?
— Ha, shukur, sogʻligi yaxshi tomonga ketyapti. Umuman olganda, hammasi joyida. Faqat bitta qiziq holat boʻldi. Gol urilganidan keyin jamoadoshlari uni juda ehtiros bilan tabriklashdi va tasodifan jarohatlangan joyiga urib yuborishdi. Xudoga shukur, jiddiy muammo boʻlmadi, hammasi yaxshi oʻtdi.
Shu oʻrinda hali ham jarohatdan tiklanayotgan yigitlarga tezroq sogʻayib safga qaytishlarini tilayman», - deya bosh murabbiyning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.