Live
1
O'zbek

Mirko Yelichich: "Bugungi o'yin Yakshiboyevning uslubiga mos kelmasdi"

Eksklyuziv
7 avgust, 15:25
"Lokomotiv" ustozi "Dinamo"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Mirko Yelichich: "Bugungi o'yin Yakshiboyevning uslubiga mos kelmasdi"
Фото: Локомотив ПФК
07.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 2 : 1 Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand

Superliganing 16-turida "Lokomotiv" klubi "Dinamo"ni qabul qildi. Qiziqarli o'tgan uchrashuv 2:1 hisobida toshkentliklarning foydasiga hal bo'ldi.
Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

- Bugun juda og'ir o'yin bo'ldi. "Dinamo"ga qarshi uchrashuvlar doim qiziq va yaxshi o'tadi. Ular ochiq futbol o'ynaydigan jamoa. Biz ham ochiq futbolni ma'qul ko'ramiz, shuning uchun har safar tomoshabop bahs yuzaga keladi.

Menimcha, bugun ham shunday bo'ldi. Raqib ba'zi jihatlarda bizdan yaxshiroq harakat qildi. Lekin futbol shunday o'yin: ba'zan yaxshiroq o'ynab ham mag'lub bo'lasiz, ba'zan esa biroz omad bilan uch ochkoga ega chiqasiz. Eng muhimi, g'alaba qozondik va endi oldinga intilishda davom etamiz.

- Kozlov qizil kartochka olganidan keyin taktik jihatdan qanday o'zgarishlar qildingiz?

- Albatta, bu juda qiyin vaziyat edi. Nikita uzoq vaqt o'yin amaliyotiga ega emasdi. Bugun unga imkoniyat berdik, lekin bunday holat unga ham ruhiy bosim bo'ldi. Yosh futbolchi uchun bunday xatodan keyin o'ziga kelish oson emas. Shunga qaramay, u kurashdi va harakat qildi.

- Keyingi paytlarda jamoangizda o'yinga aloqasi bo'lmagan holatlar takrorlanyapti. Ilgari darvozabon bilan, keyin Abdulla Yo'ldoshev bilan va endi esa Kozlov. Bu kelajakda muammoga aylanmaydimi?

- Yo'q, bunday deb o'ylamayman. Masalan, Abdulla bilan bo'lgan voqeada ko'pchilik vaziyatni noto'g'ri baholadi. O'sha holat to'liq va to'g'ri tahlil qilinmadi. Menimcha, u yerda Abdullaning aybi katta emasdi. Balki o'sha vaziyatga aralashmagani yaxshiroq bo'lardi, ammo janjalni boshlagan ham u emas.

Bunday holatlar ba'zan bir lahzada sodir bo'ladi. Eng muhimi, futbolchi bundan to'g'ri xulosa chiqarishi. Ayrim vaziyatlar o'ndan ortiq o'yindan ham ko'proq saboq berishi mumkin. Agar futbolchi shu xatolardan o'rgansa, keyinchalik yanada kuchli o'yinchiga aylanadi.

- Bugungi uchrashuvda o'ng qanot birinchi bo'limda yaxshi ishlamayotgandi. Keyin futbolchini chap qanotga o'tkazdingiz. Bu qaroringiz haqida izoh bersangiz.

- Biz raqibning o'yinini tahlil qilgan edik va qaerdan ustunlikka erishish mumkinligini hisoblab chiqqanmiz. Sanjar orqali qanotdan tezlik bilan hujum qilishni rejalashtirgan edik. U o'z vazifasini yaxshi bajardi.
Jumboboyev jismonan kuchli himoyachi. Shuning uchun uning qarshisida texnik jihatdan kuchliroq futbolchi o'ynashi kerak deb hisobladik. Shu vazifani Suhrobg'a topshirdik. U vaziyatni yaxshi nazorat qildi va qaror o'zini oqladi.

- O'tgan turdan keyin raqib murabbiyi Abramov "Lokomotiv" bizdan ikki kun ko'proq dam oladi" degandi. Bu ustunlik sizlarga qanchalik yordam berdi?

- Menimcha, bu kabi taqvim masalalarini hozir sun'iy intellekt yoki avtomatik tizimlar belgilaydi. Buni murabbiylar nazorat qilmaydi. Biz nazorat qila oladigan narsalarga e'tibor qaratamiz. Kerak bo'lsa, bir kun oralab ham o'ynaymiz. Bu haqida ortiqcha o'ylamaymiz. Mashg'ulotlar, tayyorgarlik va taktik rejalar — mana shu biz nazorat qila oladigan jihatlar.

- Jasurbek Yakshiboyev haqida savol. Bir vaqtlar juda sermahsul futbolchi edi. Hozir esa ko'proq zaxirada qolmoqda. U "Lokomotiv"da o'z faoliyatini qayta tiklay oladimi?

- Men futbolchidan doim yuqori sifat talab qilaman. Lekin ba'zan o'yindan tashqari omillar ham bo'ladi. Jasurbek yaqinda jarohatdan qaytdi. U davolanishdan keyin endi mashg'ulotlarga qo'shildi. Hozir biz uning kuchli tomonlaridan qaerda yaxshiroq foydalanish mumkinligini izlayapmiz. Menimcha, u hujumda bizga katta yordam beradi. Ammo bugungi o'yin uning uslubiga mos kelmasdi.

Hozircha jismoniy tayyorgarligi to'liq emas. Zamonaviy futbolda nafaqat to'p bilan, balki to'psiz ham oldinga va orqaga katta hajmda ishlash talab qilinadi. Buning uchun unga yana vaqt kerak. Avval ham Masharipov va Shodiyor bilan shunday holat bo'lgan. Ular ham avval almashtirish orqali maydonga tushib, keyin to'liq o'yinlarga tayyor bo'lishgan.

Jasurbekning o'ziga xos yuqori darajadagi sifatlari bor. Biz aynan shu sifatlaridan to'g'ri vaqtda foydalanishga harakat qilamiz. Yaqin orada u albatta ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'ladi. Bugun esa biz ko'proq himoyada harakat qilishimiz kerak edi. Balki qarshi hujumlarda u foyda keltirishi mumkin edi, ammo bunday qaror ma'lum xavflarni ham keltirib chiqarardi. Shuning uchun bugungi rejani shunday tuzdik", - deya Mirko Yelichichning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar